O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Respublikamizning farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, dorivor o‘simliklar xomashyosini yetishtirishning noyob sharoitlarini inobatga olgan holda mahalliy dorivor vositalar bozorini o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli dori vositalari bilan to‘ldirish, ularni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanish asosida yangi ish o‘rinlarini yaratish va respublikamiz aholisi daromadlarini oshirish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zfarmsanoat” DAK, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklarining “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini (keyingi o‘rinlarda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin. 

2. Quyidagilar “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin: 

dorivor o‘simliklar xomashyosini o‘ziga xos tabiiy sharoitlarda yetishtirish va keyinchalik qayta ishlash borasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash; 

yuqori qo‘shilgan qiymatli zamonaviy farmatsevtika mahsulotlari va dori vositalarini ishlab chiqarishni, birinchi navbatda belgilangan tartibda tashkil etilgan plantatsiyalarda yetishtirilgan dorivor moddalar (substansiyalar) hamda dorivor o‘simliklar xomashyosi negizida tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb etish; 

dorivor o‘simliklar xomashyosini qayta ishlash va dori vositalari, tibbiyot buyumlari, yordamchi va qadoqlash materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi zamonaviy ishlab chiqarish va quvvatlarni tashkil etish; 

mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va erkin iqtisodiy zonalar tashkilotlari hamda respublikamizning boshqa korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida mahalliy dorivor o‘simliklar xomashyosi va materiallari negizida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish; 

dorivor o‘simliklar xomashyosi introduksiya va kultivatsiyasini o‘rganish bo‘yicha tajriba-eksperimental laboratoriyalari bo‘lgan ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etish. 

3. Belgilab qo‘yilsinki: 

“Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati, keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30-yilni tashkil qiladi; 

faoliyat ko‘rsatish muddati mobaynida “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida alohida soliq, bojxona va valyuta rejimlari amal qiladi. 

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ direksiyalarini tashkil qilsin hamda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ direksiyalarining nizomlarini tasdiqlagan holda ular faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilsin. 

5. Erkin iqtisodiy zonalar Ma’muriy kengashining yangilangan tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Erkin iqtisodiy zonalarning yangilangan Ma’muriy kengashiga “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZga nisbatan boshqaruv funksiyalari yuklansin. 

6. Yangi tashkil etilayotgan “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZga faoliyatini tashkil etish komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tuzilsin. 

Yangi tashkil etilayotgan iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish komissiyasi zimmasiga ushbu Farmonda nazarda tutilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan yuqori qo‘shilgan qiymatli farmatsevtika mahsulotlari va dori vositalari ishlab chiqarishda samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish vazifasi yuklansin. 

7. Farmatsevtika mahsulotlari va dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil qilish borasidagi barcha ishlarni bajarishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida hududiy ishchi guruhlar 2a-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda tuzilsin. 

8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklari bir oy muddatda belgilangan tartibda: 

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ tarkibiga kiritish uchun tashqi muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi bilan yaxshi ta’minlanganligini hisobga olgan holda yer uchastkalari chegaralari belgilanishini va ularning ajratilishini; 

er uchastkalarini aniqlash va keyinchalik ularni dorivor o‘simliklar xomashyosi yetishtirish bo‘yicha plantatsiyalar tashkil qilish uchun berilishini ta’minlasin. 

9. “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ qatnashchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-oktabrdagi PF-4853-sonli "Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonining 3, 4 va 5-bandlari qoidalari tatbiq etilsin. 

10. “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ direksiyalari erkin iqtisodiy zonalarning butun faoliyat ko‘rsatishi davrida soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilinsin.

11. “O‘zfarmsanoat” DAK, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida sanoat plantatsiyalari tashkil etish va chuqur qayta ishlanadigan dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishga tavsiya etilayotgan dorivor o‘simliklar ro‘yxatini tashkil etish bo‘yicha maqsadli Dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun erkin iqtisodiy zonalarning Ma’muriy kengashiga kiritsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent farmatsevtika instituti bilan birgalikda “O‘zfarmsanoat” DAKga hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarga viloyatlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda sanoat plantatsiyalari tashkil qilish uchun dorivor o‘simlik turlari ro‘yxatini, shuningdek, mahalliy dorivor o‘simliklar xomashyosidan foydalangan holda dorivor moddalar (substansiyalar) va dori vositalari ishlab chiqish sohasidagi yangi ilmiy tadqiqotlar natijalarini tizimli ravishda taqdim etsin. 

13. “O‘zfarmsanoat” DAK O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklari, investitsiya loyihalari tashabbuskorlari bilan birgalikda ikki oy muddatda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida amalga oshirilishi taklif qilinayotgan investitsiya loyihalari ro‘yxatini shakllantirsin va tasdiqlash uchun erkin iqtisodiy zonalarning Ma’muriy kengashiga kiritsin. 

14. “Asaka” ATB va boshqa tijorat banklariga: 

“Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida amalga oshirish taklif etilayotgan investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun, shuningdek, dorivor o‘simliklar xomashyosini yetishtirish bo‘yicha plantatsiyalar tashkil etish uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fermer xo‘jaliklariga o‘z mablag‘lari hamda O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolati berilmagan holda jalb etilgan xorijiy kredit liniyalari hisobiga kreditlar ajratish; 

garov ta’minoti yetarli bo‘lmagan yoki mavjud bo‘lmagan hollarda investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga texnologik uskunalar lizing asosida yetkazib berilishini ta’minlash tavsiya etilsin. 

15. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AK, “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarini, shuningdek, ularning ishtirokchilarining ishlab chiqarish maydonlarini tegishli tashqi muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi bilan kafolatli ta’minlasin. 

16. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi: 

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, “O‘zfarmsanoat” DAK, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AK, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida yo‘l-transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturini uch oy muddatda tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin; 

Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda har yili kelgusi yilga O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi parametrlarini shakllantirishda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun erkin iqtisodiy zonalarning o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bosh rejalari asosida kapital qo‘yilmalar limitlarini hamda zarur markazlashtirilgan investitsiyalar ajratilishini nazarda tutsin. 

17. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining: 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo hamda Toshkent viloyatlari hokimliklarining tegishli ravishda “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalarini “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning bosh rejalarini ishlab chiqish, shuningdek, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha buyurtmachi etib; 

“O‘zshaharsozlikLITI” DUKni “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ va “Boysun-farm” EIZning bosh rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyihalash tashkiloti etib; 

“ToshkentboshplanLITI” DUKni “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyihalash tashkiloti etib belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. 

18. “O‘zshaharsozlikLITI” DUK va “ToshkentboshplanLITI” DUK uch oy muddatda “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZning bosh rejalarini ishlab chiqsin hamda erkin iqtisodiy zonalarning Ma’muriy kengashi bilan kelishgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritsin. 

19. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida logistika markazlari hamda bojxona postlari tashkil etish yuzasidan bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

20. “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ hududlarida yovvoyi o‘simliklardan tayyor farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirgan yoki yovvoyi o‘simliklardan tayyor farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish ishtirokchilari, “Nukus-farm” EIZ, “Zomin-farm” EIZ, “Kosonsoy-farm” EIZ, “Sirdaryo-farm” EIZ, “Boysun-farm” EIZ, “Bo‘stonliq-farm” EIZ va “Parkent-farm” EIZ bilan tuzilgan shartnomalari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar "Qizil kitob"ga kiritilmagan hamda har yili O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilgan yovvoyi o‘sadigan o‘simliklar tayyorlagani (to‘plagani) uchun undiriladigan to‘lov tabiiy muhitdan olingan yovvoyi o‘simliklar (yalang‘och qizilmiyadan tashqari)ga belgilangan to‘lovlarning 50 foizi miqdorida belgilansin. 

21. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi PF-4931-sonli “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni 5-bandining birinchi xatboshi hamda 1-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin. 

22. “O‘zfarmsanoat” DAK O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Tashqi savdo vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

23. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin. 


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                            Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2017-yil 3-may 

 

 
* * *
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, 
“Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” 
erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga
 
SHARH


Dori-darmon vositalari kasalliklarning oldini olish hamda ularni davolashda muhim ahamiyat kasb etishi hammamizga yaxshi ma’lum. O‘z navbatida davlatimiz rahbari tomonidan farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga, aholi va davolash-profilaktika muassasalarini O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sifatli, yuqori samarali va xavfsiz dori-darmon vositalari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. 

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda farmatsevtika sohasida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, jahon bozorida raqobatdosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini va uning turlarini kengaytirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgartirishlar amalga oshirildi. 

Natijada 146 ta mahalliy farmatsevtika korxonasi tomonidan 2000 xildan ortiq dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2016-yil yakunlari bo‘yicha mamlakatimiz farmatsevtika bozorida mahalliy dori-darmon vositalarining ulushi 55 foizni tashkil etdi. 

Shu bilan birga, tarmoqda bugungi kunda olib borilgan tahlillar ichki bozorni mahalliy dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan yanada ko‘proq to‘ldirish uchun respublikamizning farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha yanada samarali chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda. 

Ta’kidlash joizki, dunyo farmatsevtika sanoatida 8500 turdagi dori-darmon vositalari ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, ularning 6300 tasi xalqimiz ehtiyojlari uchun import qilinadi. 

Yurtimizdagi dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan farmatsevtika korxonalarining xorijiy xomashyo hamda materiallar importiga yuqori darajada bog‘liqligi soha rivojiga asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. 

Mahalliy xomashyo va dorivor o‘simliklar asosida dori-darmon vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga farmatsevtika mahsulotlarining mahalliylashtirilishini chuqurlashtirish hamda kengaytirish, shuningdek, ularni tibbiyot amaliyotiga keng joriy etish dolzarb masala hisoblanadi. Hozirgi paytda xalqaro tibbiyot amaliyotida foydalanilayotgan 350 turdagi dorivor o‘simliklardan 71 tasi respublikamizda tashkil etilgan sanoat plantatsiyalarida yetishtiriladi. Bu esa talab va ehtiyoj katta bo‘lgan dori-darmon vositalarini mahalliy sharoitda uzluksiz ishlab chiqarish uchun yetarli emas, albatta. Shuni inobatga olgan holda, ishlab chiqarish quvvatlariga yaqin bo‘lgan ekologiyasi toza va sof bo‘lgan tumanlarda yangi plantatsiyalarni tashkil etish rivojlanayotgan farmatsevtika sohasining dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi, avvalambor, respublikamizning farmatsevtika sohasini rivojlantirishga, dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga, mahalliy dori-darmon vositalari bozorini o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli preparatlar bilan to‘ldirishga keng imkoniyat yaratadi. 

Farmonda, jumladan, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirishda birinchi darajali vazifa sifatida belgilab berilgan. 

Tuproq va iqlim sharoitlari noyobligini inobatga olib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish to‘g‘risida taklif kiritilgan. Farmonda belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlari hamda xo‘jalik birlashmalariga quyidagi topshiriqlar yuklatildi: 

er uchastkalari chegaralarini belgilash va ularni erkin iqtisodiy zonalar tarkibiga kiritish uchun ajratish; 

kelgusida dorivor o‘simliklar yetishtiriladigan plantatsiyalar tashkil qilish uchun yer uchastkalarini aniqlash va ularni ajratish; 

erkin iqtisodiy zonalar hududlarida sanoat plantatsiyalarini tashkil etish, o‘stirish uchun tavsiya etiladigan dorivor o‘simliklarning ro‘yxatini tuzish hamda keyinchalik ushbu dorivor o‘simliklarni chuqur qayta ishlash, dori-darmon vositalari va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish bo‘yicha maqsadli Dastur ishlab chiqish. 

Farmonda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi dorivor o‘simliklar xomashyosini qayta ishlash va dori-darmon vositalari, tibbiyot buyumlari, yordamchi va qadoqlash materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi zamonaviy ishlab chiqarish va quvvatlarni tashkil etishga, mahalliy dorivor o‘simliklar xomashyosi va materiallar negizida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga imkon beradi. 

Tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalarning faoliyat muddati keyinchalik uzaytirish imkoni bilan 30-yil etib belgilangan, ushbu hududlarda alohida soliq, bojxona va valyuta tartiblari amal qiladi. 

Jumladan, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan tegishli investitsiyalar kiritilganda, ular: 

er solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasiga majburiy ajratmalardan; 

O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, chetdan keltiriladigan texnologik asbob-uskunalar, xomashyo hamda butlovchi buyumlarni olib kirishda bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi. 

Shuningdek, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari eksport va import qilinadigan tovarlar uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan to‘lash hamda hisob-kitob qilish shartlari va shakllaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. 

Ushbu berilayotgan imtiyoz hamda qulayliklar mahalliy hamda xorijiy investorlar tomonidan iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritilishiga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. 

Erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining barchasi va har biri uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida erkin iqtisodiy zonalar hududlari, shuningdek, ularning ishtirokchilarining ishlab chiqarish maydonlari tegishli tashqi muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi bilan kafolatli ta’minlanadi. 

Shuningdek, Farmonning ahamiyatli tomonlaridan yana biri tijorat banklariga o‘z mablag‘lari va jalb etilgan xorijiy kredit liniyalari hisobiga erkin iqtisodiy zonalar hududlarida amalga oshirish taklif etilayotgan investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish, shuningdek, dorivor o‘simliklar xomashyosi yetishtirish bo‘yicha plantatsiyalar tashkil etish uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fermer xo‘jaliklariga kreditlar ajratish tavsiya etilmoqda. Shu bilan birga, garov ta’minoti yetarli bo‘lmagan yoki mavjud bo‘lmagan hollarda tijorat banklari investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga texnologik uskunalarni lizing asosida belgilangan tartibda yetkazib berilishini ta’minlaydi. 

Farmonning qabul qilinishi ichki bozorni keng turdagi hammabop, sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan yanada to‘liq to‘ldirish va alohida hududlarning sanoat salohiyatini rivojlantirish masalalarini hal etishga qaratilgan.