Xorazm viloyati Yangiariq tumanida yashovchi Amin ota Matniyozov 93 yoshda. Farzandu nabiralar, chevarayu evaralar jamlansa, xonadon to‘yxonaga aylanadi. Keksalik gashtini surayotgan Amin ota uchun bu kunlarning qiyosi ham, bahosi ham yo‘q.
—Har tong ko‘cha aylanaman, - deydi Amin ota. — Mahallamizning kundan-kun chiroy ochib borayotgani, keng va ravon yo‘llarni, ariq bo‘yida yashnab turgan gullarni ko‘rib, kayfiyatim yanada ko‘tariladi. Hovlilarda yopilayotgan non hidi dimog‘imga uriladi. Shunda ko‘z oldimdan beomon urush, bir burda non uchun odamlar ne-ne mashaqqatlarni boshdan kechirgan azobli yillar o‘tadi.
“Jasorat” medali sohibi Amin ota Matniyozov Prezidentimiz tomonidan urush faxriylariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun. - Mana shunday osuda hayotimizning har lahzasi bayram, har tongiga beadad shukrlar bo‘lsin.