Korrupsiyaga qarshi kurashish – barchaning ishi
O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan "Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish masalalari" mavzuida anjuman o‘tkazildi.
Jamoat fondi direktori A.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi prokurori K.Musashayxov va boshqalar mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoyalash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu yo‘nalishda milliy qonunchilikni takomillashtirish, uni inson huquqlariga oid xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, jamoat birlashmalari va ommaviy axborot vositalarini ushbu jarayonga keng jalb etishga oid islohotlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy adolat tamoyillari asosida ish ko‘rish, qonun ustuvorligini ta’minlash, turli huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada profilaktika choralarini tobora kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini tubdan isloh etish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangani, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy qonunchilik takomillashtirilayotgani sohaga doir chora-tadbirlarning yorqin namunasidir.
2017-yil 4-yanvardan O‘zbekiston Respublikasining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonuni kuchga kirdi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 2-fevralda qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori asosida mazkur yo‘nalishda 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Bu borada davlat dasturlari va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini olib boruvchi organ va tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish, aholining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga oid chora-tadbirlarni ishlab chiqish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish mazkur komissiya faoliyatida ustuvor o‘rin egallaydi.
Ochiq muloqot, bahs-munozara tarzida o‘tgan anjumanda korrupsiyaga oid milliy qonunchilikning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish, jurnalistik surishtiruv o‘tkazish va ushbu mavzuni tahliliy yoritish bo‘yicha bilim va kasb ko‘nikmalarini oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi.