Ochiq va xolis muloqot
Poytaxtimizda O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda "Ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni yoritishda tahliliy va tanqidiy yondashuvlar – ochiq, adolatli va inklyuziv jamiyat qurishda hal etuvchi omil" mavzuida media-tadbir o‘tkazildi.
Media-tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari, diplomatik korpus vakillari, media sohada mehnat qilayotgan ijodkorlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari S.Ortiqova, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatininig boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi raisi A.Saidov, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori A.Burhonov, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduholiqov, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari K.Pikkat va boshqalar O‘zbekistonda milliy media soha ravnaqi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda barcha turdagi ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun samarali qonunchilik bazasi shakllantirilmoqda. Ayni paytda nodavlat media tuzilmalarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash, ulardagi texnik va ijodiy xodimlar mehnatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, kasb malakasi va mahoratini yuksaltirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi mavjud ommaviy axborot vositalarining salmoqli qismini nodavlat media tuzilmalar tashkil etadi. Yangi teleradiokanallarning tashkil etilayotgani aholiga rang-barang, yanada mazmunli, o‘ziga xos ijodiy yondashuv asosidagi ko‘rsatuvlarni taqdim etish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tarkibidagi media tuzilmalarning xodimlari jurnalistlarning ijodiy salohiyatini yuksaltirish, soha xodimlarining o‘zaro fikr va tajriba almashishiga oid turli loyihalar, seminarlar, konferensiyalar, mahorat saboqlarida faol qatnashib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani hamda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz mediatuzilmalari faoliyati sifatini takomillashtirishga katta ijobiy ta’sir o‘tkazdi. Vatanimiz taraqqiyotining turli jabhalariga oid dolzarb ijtimoiy masalalar yechimini qamrab olgan ushbu hujjatning mazmun-mohiyatini yurtdoshlarimizga yetkazish, odamlarni o‘ylantirayotgan, jamiyat ravnaqiga to‘siq bo‘layotgan masalalarning ildiziga chuqur kirib borish, xalqimiz bilan samimiy, yaqin, yanada oshkora muloqot o‘rnatish ommaviy axborot vositalari xodimlaridan katta mas’uliyat, ijodiy izlanish, teran tanqidiy-tahliliy yondashuvni talab etmoqda. Jurnalistlar aholi va davlat boshqaruvi organlari o‘rtasidagi ochiq, oshkora muloqotni yanada kengroq yo‘lga qo‘yish va muntazam yoritib borishda muhim ko‘prik vazifasini o‘tashi shubhasiz.
Media-anjumanda bugungi shiddatli islohotlarni, davlat organlarining aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini yoritishda jurnalistlarning rolini kuchaytirish, tanqidiy-tahliliy media-materiallar tayyorlashda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish kabi masalalar bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ahamiyati, unda belgilangan vazifalar ijrosini faol yoritayotgan ijodiy jamoalar, jurnalistlarga sertifikatlar topshirildi.