2 mingdan ziyod turdagi mahsulotlar namoyish etildi
Namangan viloyatida 15 ming 500 dan ziyod kichik biznes subyekti faoliyat ko‘rsatib, ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 68,2 foizni tashkil etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining Namangan viloyati bosqichida bu alohida ta’kidlandi.
– Tanlovning shahar va tuman bosqichlarida 350 dan ortiq tadbirkor, fermer va hunarmand ishtirok etib, ular orasidan saralangan 35 ishtirokchi viloyat bosqichida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazmoqda, – deydi Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari A.Ortiqov. – Ishtirokchilarning ko‘rgazmalarini kuzatar ekansan, bir vaqtlar chet ellardan keltirilgan lok-bo‘yoq, trikotaj, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa ko‘plab mahsulotlar endi o‘zimizda nafaqat ishlab chiqarilayotgani, balki eksport qilinayotganidan beixtiyor g‘ururlanib ketasan kishi. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar samarasidir.
Namangan shahridagi muhtasham "Yoshlar markazi”da tadbirkor, fermer va hunarmandlar o‘zlari ishlab chiqarayotgan 2 mingdan ziyod turdagi sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, hunarmandlik buyumlari, xalq iste’moli mollarini namoyish etdi. Jumladan, ko‘rgazmada milliy hunarmandlikning qo‘l mehnatiga asoslangan an’anaviy turlari – to‘qimachilik, zardo‘zlik, kashtachilik mahsulotlariga ham qiziqish katta bo‘ldi.
Namangan tumanidagi “Element paint” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Akmaljon Ahmadjonov “Eng yaxshi tadbirkor”, “Musaffao iqlim trans” fermer xo‘jaligi rahbari Komiljon Yusupov “Eng yaxshi fermer”, Namangan shahridan to‘quvchi Obidxon Jamolov “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘ldi va tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– “Tashabbus” da avval ham qatnashganman va bu tanlov men uchun katta maktab vazifasini o‘tagan, – deydi Akmaljon Ahmadjonov. – Korxonamizda uy-joy qurilishi uchun lok-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqariladi. O‘tgan yillarda korxonani modernizatsiya qilish, mahsulot sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratdik. Bugun yurtimizda keng quloch yoygan bunyodkorlik ishlarini qurilish-pardozlash ashyolarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Kelajakda mahsulot turini kengaytirish va sifatini yanada yuksaltirish maqsadida yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Tanlovda shuningdek, 10 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan tadbirkor, fermer va hunarmandlar aniqlanib, taqdirlandi.