Samarqand viloyatida istiqomat qilayotgan urush faxriylariga Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 72-yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tabrigi va pul mukofoti tantanali topshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yurtimizda urush qatnashchilari va mehnat faxriylariga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda. Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga 2 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yengil avtomashinalarni navbatsiz xarid qilish imkoniyati berildi. Ularni uy-joy bilan ta’minlash, xonadonlarida zarur sharoitlar yaratish, ta’mirlashga ham davlatimiz tomonidan yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, bu yil Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining har biriga Prezidentimiz o‘z tabrigini yo‘lladi.
Samarqand shahrida yashayotgan 94 yoshli Rashid Rahmonovga davlatimiz rahbari yo‘llagan tabrik va 2 million so‘m pul mukofoti hamda boshqa sovg‘alarni viloyat hokimi H.Oqbo‘tayev topshirdi.
Otaxonning xonadonida kechgan suhbatda viloyat hokimi Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylari davlatimizning doimiy e’tiborida ekanini ta’kidlab, R.Rahmonovga samimiy minnatdorlik izhor etdi. Davlatimiz rahbari tabrigida qayd etilganidek, “Butun insoniyat taqdiri xavf ostida qolgan suronli davrda tinch-osoyishta hayot, musaffo osmon, farzandlarimizning yorug‘ kelajagi uchun jasorat va matonat ko‘rsatganingiz, tinch mehnat yillarida elu yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilganingiz barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat maktabidir”.
– Bayram yaqinlashgan sayin xonadonimizdan mehmon arimay qoldi, – deydi Rashid Rahmonov. – Har kuni hokimlikdan, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa tashkilotlardan vakillar kelib, hol-ahvol so‘rayapti, sovg‘a-salom bermoqda. Buning barchasi yurtimizda inson manfaatlarini ta’minlash, keksalarni e’zozlashga bo‘lgan g‘amxo‘rlik va e’tibor samarasidir. Bugun Prezidentimizning mening nomimga yo‘llagan tabiklarini olib, boshim ko‘kka yetdi. Unda qayd etilgan fikrlarni o‘qib berishganida ko‘zimga yosh keldi. Bizni shunchalik ulug‘lagan davlatimiz rahbarini duo qildim.