Salohiyatli kadrlar – taraqqiyotimiz garovi
2016-yil Polshada o‘tkazilgan "Transport Problems – 2016" xalqaro simpozium va ilmiy-amaliy konferensiyada Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutining iqtidorli ilmiy izlanuvchisi Rashidbek Xudoyqulovning avtomobil yo‘llarini qurishda yangicha texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan loyihasi barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Sho‘rlangan, qumli yerlarda yo‘l qurilishi konstruksiyasini takomillashtirish, yo‘l ko‘tarmalarini mustahkamlash, meliorativ muhandislik geologiyasi bo‘yicha ilmiy asoslangan ma’ruzasi bilan yurtdoshimiz simpoziumning eng faol ishtirokchisi, deb topildi.
Bu uning ilk muvaffaqiyati emas. Rashidbek Rossiya, Belarus, Polsha, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlardagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini mustahkamlash, yo‘l transportini takomillashtirish yuzasidan ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. U o‘tgan yili yosh olimlar o‘rtasida o‘tkazilgan IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda "Yilning eng faol yosh mutaxassisi", "Yilning eng faol transportchisi" nominatsiyalari bo‘yicha muvaffaqiyatga erishgan.
– Ilmiy faoliyatim sho‘rxok, qumli yerlarda avtomobil yo‘llari qurishda yo‘l konstruksiyasini takomillashtirish, o‘ta sho‘rlangan yo‘llarga giosintetik material yotqizish orqali tajriba o‘tkazish, yer osti suvlarining ko‘tarilishi oqibatida yo‘lga zarar yetkazmaslik usullari, zichlashtirish texnikasini joriy etishga qaratilgan, – deydi R.Xudoyqulov. – Ustozlarim yordamida Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari avtoyo‘llarida giosintetik materiallarni yo‘lga yopishtirish orqali tajriba o‘tkazdik. Bu tajriba sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, boshqa hududlarda ham qo‘llaymiz.
Bugungi kunda mamlakatimizda yo‘lsozlik va avtomobilsozlik sohalariga yangi texnologiyalarni joriy etish, yosh kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish instituti har yili yo‘l qurilishi va avtotransport sohalari uchun 500 ga yaqin bakalavr hamda 50 dan ortiq magistr tayyorlab bermoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning "Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni, «2017-2018-yillarda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, «Respublika yo‘l jamg‘armasi faoliyatlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlari ijrosi yuzasidan institutda ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda ta’lim muassasasida avtomobil yo‘llari va inshootlarini loyihalash va qurish hamda avtomobil transporti va transport tizimlari ekspluatatsiyasi fakultetlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Talabalar transportda boshqaruvning axborot tizimlari, transport logistikasi, yo‘l qurilish mashinalari va jihozlari ekspluatatsiyasi va ta’mirlash, avtomobil yo‘llari va aerodromlarni qurish va ekspluatatsiyasi, ko‘priklar, tunnellar va yo‘l o‘tkazgichlari, muhandislik geologiyasi, muhandislik pedagogikasi singari mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olmoqda.
O‘quv muassasasida yo‘l qurilishi sohasi bo‘yicha fundamental va amaliy-ilmiy grantlar va xo‘jalik shartnomalari asosida ko‘priklar, tunnellar, yo‘llar va ulardagi sun’iy inshootlarning zamonaviy konstruksiyalarini yaratish va mavjudlarini mukammallashtirish bo‘yicha keng miqyosda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ta’lim muassasasi Moskva, Xarkov, Kiyev avtomobil-yo‘llar institutlari, Polshadagi Silez politexnika, Belarus davlat universitetlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
– Institutimiz olimlari tomonidan Toshkent metropoliteni uchun yangi zilzilabardosh konstruksiyalar ishlab chiqilgan va tatbiq etilmoqda, 30 dan ortiq yo‘llar, ko‘priklar, tunnellar, aerodromlardagi inshootlarni loyihalash, qurish bo‘yicha sohaga oid normativ hujjatlar tayyorlangan, – deydi institut ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘limi boshlig‘i Shavkat Mirzamo‘minov. –Institutimiz tomonidan mamlakatimizning yo‘l qurilishi va avtomobilsozlik sohalarining ishlab chiqarish rahbarlari va muhandis-texnik xodimlari malakasini oshirish ishlari muntazam bajarib kelinmoqda.
Institutda bitiruvchilar bandligini ta’minlash doimiy e’tiborda. O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi, Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti, "Yo‘l-loyiha byurosi", "Yo‘l-loyiha eskpertizasi", "Farg‘ona yo‘l-loyiha", "Sharqiy XDAAYSITF", "Aero loyiha servis", "Aero yo'l loyiha", "Iltex", "Techno-Art-Servis", "Sharqiy yo‘l-loyiha" korxonalari va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, bitiruvchilar har yili ularda amaliyot o‘taydi, ishga joylashadi.
Malakali, bilimli kadrlarga talab hamisha yuqori bo‘lgan. Bugungi talaba axborot texnologiyalaridan xabardor, multimedia vositalari va zamonaviy pedagogik texnologiyalarning ustasi, xorijiy tillarning mukammal bilimdoni bo‘lmog‘i lozim. Mazkur ta’lim muassasasi ana shunday salohiyatli kadrlarni tayyorlash maqsadlariga xizmat qilib kelmoqda.