2017 yil 10 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 196-sonli qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2016 yil 26 oktabrdagi PF-4853-sonli hamda «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi PF-4931-sonli farmonlarini ijro etish yuzasidan qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalari tarkibiga kiruvchi hududlar chegarasini belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.
Qaror bilan Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi, Erkin iqtisodiy zonalar hududida soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi va Erkin iqtisodiy zonalar hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda erkin iqtisodiy zonalar qatnashchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
Shuningdek, «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi», «G‘ijduvon» erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi», «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi» davlat unitar korxonalarining ustavlari ham tasdiqlandi.