Xizmat samaradorligi oshadi
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yuksaltirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tibbiyot sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga bag‘ishlangan ikkita katta yig‘ilish o‘tkazildi, bir necha qaror qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 4-apreldagi “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bugungi kunda dunyo miqyosida ko‘payib borayotgan onkologik kasalliklarning oldini olish va uning samarali profilaktikasini yo‘lga qo‘yish hamda xastaliklarni zamonaviy usullar yordamida davolashning yangi bosqichini boshlab berdi.
Qarorga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilib, joylardagi onkologiya dispanserlari ushbu markaz filiallariga aylantiriladi. Ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida xavfli o‘smalarga barvaqt tashxis qo‘yishni yaxshilash va o‘smaga qarshi importning o‘rnini bosadigan mahalliy preparatlar ishlab chiqish maqsadida Saraton profilaktikasi va Eksperimental onkologiya markazlari tashkil etiladi.
Mazkur hujjatga muvofiq, endi onkologik kasalliklarning oldini olish va uning profilaktikasiga eng muhim vazifalardan biri sifatida e’tibor qaratiladi. Bu borada shu paytgacha ham aholi o‘rtasida profilaktik tadbirlar, tibbiy ko‘rik va aksiyalar o‘tkazib kelinayotgan edi. Shu kunlarda xodimlarimiz poytaxtdan kelgan mutaxassislar bilan birga Kattaqo‘rg‘on shahrida ko‘krak bezi saratoni kasalligining oldini olishga qaratilgan aksiyada ishtirok etmoqda. Endi bu ishlar ko‘lami yanada kengayadi. Markaz filiallariga zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar berish, qo‘shimcha shtatlar ajratish, xodimlar malakasini oshirish, tuman, shaharlarda vrach-sitologlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Filiallarga zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan mobil mashinalar beriladi. Ular yordamida joylarda tibbiy ko‘riklar tashkil etib, saraton kasalliklarining oldini olish va ularni erta aniqlash, davo muolajalarini o‘tkazish mumkin. Bundan tashqari, palliativ yordam berish bo‘yicha bo‘limlar, yurtimizning to‘rt hududi, xususan, Samarqand shahrida 50 o‘rinli mintaqalararo xospis tashkil etiladi.
Sir emas, hozirga qadar ko‘plab yurtdoshlarimiz onkologik xastaliklarga aniq tashxis qo‘yish va davolash, ayrim davo muolajalarini olish uchun chet davlatlarga borishga majbur bo‘lmoqda. Qarorga ko‘ra, tibbiy muassasalarimizning endoskopik va radioterapevtik davolash bo‘yicha eng yangi apparatlar bilan jihozlanishi, “Da Vinchi” robotlashtirilgan jarrohlik kompleksi va gamma tig‘ singari noyob uskunalar keltirilishi bemorlarni bu tashvishlardan xalos etadi.
Respublika investitsiya dasturi asosida 2013-yilda dispanser binolari 2,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga mukammal ta’mirlangan edi. 175 o‘rinli bo‘limlar va 100 qatnovga mo‘ljallangan poliklinikada bemorlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Qaror talablaridan kelib chiqib, joriy yilda yana 2 milliard so‘m mablag‘ hisobidan ta’mirlash-rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Bo‘limlar va poliklinikada qo‘shimcha qulayliklar, yangi davo muolajalarini qo‘llash uchun imkoniyatlar yaratiladi.
Muxtasar aytganda, Prezidentimizning ushbu qarori onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va sifatini oshirish, xalqimizga bu borada zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatishga xizmat qiladi.