Navoiy viloyati Navbahor tumanida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan xotin-qizlar o‘rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida partiyaning vazifalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, tadbirkorlik sohasida ish boshlash arafasida turgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchi qizlari, ayollar, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, tijorat banklari xodimlari, tadbirkor va fermer xotin-qizlar, partiya faollari ishtirok etdi.
– Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida partiyamiz tomonidan tizimli ishlarni amalga oshirish belgilab olingan, – deydi O‘zLiDeP viloyat kengashi raisi o‘rinbosari G.Boboqulova. – Tadbirkorlik va ishbilarmonlikni yanada rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, yaratilayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. Xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularni qo‘llab-quvvatlash oilalar farovonligini oshirishda muhim omildir. Shu maqsadda partiya tomonidan “Oilaviy tadbirkorlikdan – mustahkam oilaga” loyihasi tashkil etilgani xotin-qizlarda tadbirkorlik va ishbilarmonlik ko‘nikmasini shakllantirish, ularni biznes faoliyatini to‘g‘ri tashkil etishga o‘rgatish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Seminarda tumanda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan xotin-qizlar ayrim to‘siqlarga duch kelayotgani, bu borada partiya tomonidan zarur ko‘mak berilishi bo‘yicha murojaatlar bo‘ldi. Masalan, Gavhar Ochilova joriy yil fevral oyida “Mikrokreditbank”ning Karmana filialiga chorvachilikni yo‘lga qo‘yish maqsadida kredit so‘rab murojaat qilgan. Biroq hanuzgacha tijorat banki tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilmagan.
Partiya tomonidan bu kabi murojaatlar tegishli mutasaddilar bilan hamkorlikda alohida e’tiborga olinib, masalani belgilangan muddatlarda hal etish yuzasidan rejalar ishlab chiqildi. Partiya deputatlari tomonidan viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni aniqlash, kichik beznes subyektlarining faoliyat ko‘rsatmaslik yoki tugatilganlik sababini o‘rganish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish, muammolarni joyida va o‘z vaqtida hal etishga alohida ahamiyat qaratildi.
Xotin-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, bu boradagi iqtisodiy va huquqiy bilimini oshirish, uchrayotgan muammo va to‘siqlarni bartaraf etishga ko‘maklashish, huquqiy-me’yoriy hujjatlar asosida ishlash ko‘nikmasini shakllantirish borasida mutaxassislar tomonidan zarur tushunchalar berildi.