Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi doirasida joriy yilning birinchi choragida xalqimiz hayot sifatini oshirishga qaratilgan ko‘plab amaliy ishlar bajarildi.
Jumladan, 1 ming 130 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari, qishloq va ovullar ko‘chalari to‘liq va joriy ta’mirlandi. Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida tijorat banklari tomonidan qariyb 80 milliard so‘m mikdorida kredit ajratildi. Qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish yo‘nalishidagi hududiy dasturlar doirasida 2 ming 633 investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 17 ming 599 ish o‘rni tashkil etildi.
Poytaxtimizda Harakatlar strategiyasining ijrosi doirasida joriy yil birinchi choragi uchun belgilangan vazifalar va ularning amaliy natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda gap bordi. «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining o‘rinbosari S.Ortiqova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari S.Otamurodov, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori A.Burhonov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha darajadagi davlat idoralarining xalq bilan muloqotlari izchil amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu yurtdoshlarimizning nafaqat o‘z muammolariga yechim topishga, balki ularning ijtimoiy hayotda yanada faolroq bo‘lish, jamiyat taraqqiyoti uchun daxldorlik tuyg‘usi kuchayishiga zamin yaratdi.
Bu jarayonda tuman va shaharlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Xalq qabulxonalari tashkil etilgani, senator va deputatlar tomonidan joylardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish bo‘yicha tizim yo‘lga qo‘yilgani muhim ahamiyat kasb etayotir. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari rahbarlarining virtual qabulxonalari ham shakllantirildi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida temir yo‘l transporti sohasida yuqori tezlikda harakatlanadigan «Ta1go 250» rusumli yo‘lovchi poyezdini sotib olish, temir yo‘l liniyalarini qurish, ta’mirlash, elektrlashtirish hamda vagonlar tarkibini yangilash kabi 6 loyiha doirasida 107,7 million dollar mablag‘ o‘zlashtirildi. Tayyor charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha umumiy qiymati 12,7 million dollar bo‘lgan 10 loyiha amalga oshirildi. To‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga 32 million dollar miqdorida investitsiyalarni jalb qilish hisobiga 3 yangi va modernizatsiya qilingan zamonaviy yengil sanoat korxonasi ishga tushirildi.
Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 1,8 ming kilometrdan ortiq kollektor-drenaj tarmoqlari hamda 15 gidrotexnik inshoot rekonstruksiya qilindi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, meva-sabzavot, kartoshka va uzum ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, ichki bozorda ularga bo‘lgan narxlar oshishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida barcha toifadagi xo‘jaliklarning asosiy maydonlariga 106,5 ming gektar sabzavot, 64,9 ming gektar kartoshka va 9,4 ming gektar poliz ekinlari ekildi.
Tijorat banklari tomonidan fuqarolarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qoramol, qo‘y, echki, quyon boqish va go‘sht yetishtirish, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish, ixcham issiqxonalar tashkil etish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada rivojlantirish, ayollarning tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2,5 trillion so‘m kredit ajratildi.
Qonun hujjatlarini tarqatish tizimi tubdan takomillashtirildi. Sud-huquq va boshqa sohalarga oid ko‘plab yangi qonun hujjatlari qabul qilindi, qator qonun loyihalari ishlab chiqildi.
Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlardan aholining qanchalik xabardorligi, bo‘layotgan o‘zgarishlarga munosabati aks etgan videolavha namoyish etildi. Unda ko‘pchilik fuqarolar ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilashga e’tibor kuchayganidan mamnunligini bildirib, aholi bilan ochiq muloqotlar yo‘lga qo‘yilganini ijobiy baholagan.
"Taraqqiyot strategiyasi" markazi tomonidan olib borilgan tahliliy o‘rganishlar, shuningdek, aholidan kelib tushgan murojaat va takliflarni inobatga olgan holda taklif etilgan Oliy sud, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Iqtisodiyot, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Markaziy bank mas’ul xodimlari anjuman ishtirokchilarining hamda hududiy OAV vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan yo‘llangan savollarga javob qaytardi.