Samarqandda “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining tuman va shahar bosqichlari bo‘lib o‘tdi
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining tuman va shahar bosqichlari bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning Samarqand shahar bosqichida 70 ga yaqin tadbirkor va hunarmand ishtirok etdi. Tadbirkorlik va hunarmandlik Samarqand shahri iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Keyingi yillarda shaharda mazkur tarmoqlar izchil rivojlanib bormoqda.
Tanlovda shaharning tajribali tadbirkor va usta hunarmandlari o‘z mahsulot va xizmatlari taqdimotini o‘tkazdi, faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.
“Samarkand Euro Asia textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Kamol Abdullayev “Yilning eng yaxshi tadbirkori” yo‘nalishida birinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston xalq ustasi, kulol Xolmahmat Ismatillayev “Yilning eng yaxshi hunarmandi” deb e’tirof etildi.
– Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Samarkand Euro Asia textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari K.Abdullayev. – O‘tgan yili faoliyat boshlagan korxonamizda yuqori sifatli ko‘ylaklar ishlab chiqarilmoqda. Toladan mahsulot tayyorlangunga qadar bo‘lgan barcha jarayon zamonaviy texnologiyalar yordamida shu yerning o‘zida amalga oshiriladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning asosiy qismi xorijga eksport qilinmoqda.
Tanlov ishtirokchilari bir qator qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirildi.