Sog‘liqni saqlashda metrologik ta’minot
Bugungi kunda davlat dasturlarining amalga oshirilishi tufayli mamlakatimizdagi sog‘liqni saqlash eng yuqori xalqaro talablarga va standartlarga javob beradi, ushbu tizimni takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi – malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, yangi davolash-profilaktika muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Tibbiyot – maksimal aniqlikni talab qiladigan soha. Shuning uchun tibbiy texnika, oddiy gradusnik, tonometr, tarozilardan boshlab, ultratovushli tekshiruv, kompyuter tomografiyasi, rentgenografiya uchun mo‘ljallangan apparatlargacha – ma’lum texnik parametrlarga qat’iy to‘g‘ri kelishi kerak. Bunda ixtisoslashtirilgan uskunalarning barqaror va soz ishlashini ta’minlash, uning ishlab chiqaruvchilari tomonidan berilgan birlamchi sifatini saqlab turish zarur. Axir, diagnoz to‘g‘riligi, va bundan chiqdi belgilangan davolash usullarining samaraliligi uning ko‘rsatishlari aniqligiga bog‘likku.
Aynan shuning uchun bugun butun dunyoda tibbiy texnikaga metrologik xizmat ko‘rsatish masalalari o‘ta dolzarb bo‘lib bormoqda. Masalan, Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya tashkilotining (MOZM) faoliyati qonunlashtiruvchi metrologiyaning umumiy masalalarini ishlab chiqish, o‘lchash vositalarining aniqlik klasslarini belgilash, o‘lchash priborlarining turlari, namunalari va tizimlarini aniqlash birliligini ta’minlash, ularni qiyoslash, kalibrlash tartibi h.k. qaratilgan.
MOZM sertifikati o‘lchash vositalarining reglamentlangan me’yoriy hujjatlarga muvofiqligini va texnik talablarga muvofiqligini, sinov protseduralarining ta’rifi va tadqiqotlar bo‘yicha hisobot shaklini tasdiqlaydi, o‘lchash vositalari ishlab chiqaruvchisiga xalqaro standart talablariga muvofiqligiga kafolat beradi. Bundan tashqari, bu sohada boshqa me’yoriy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, ularga muvofiqlik tibbiy texnikaning sifat, texnik va boshqa ko‘rsatkichlarini belgilaydi.
O‘zbekistonda xalqaro standartlarning joriy etilishi bir qator me’yoriy hujjatlar bilan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonuni bilan ko‘zda tutiladi.
Qonun bilan metrologik tekshiruv tartibi va xalqaro shartnomalarga amal qilinishi, o‘lchashlar birliligini ta’minlash tizimining ishlashi va rivojlanishiga va uning xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilishiga qo‘yiladigan talablar belgilangan.
Davolash muassasalarida o‘lchash vositalarining muntazam ravishda qiyoslanishi sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatining kafolatini belgilaydigan omilidir. Foydalanilayotgan o‘lchash vositalarining kelishilgan ro‘yxati, ularni qiyoslash jadvallari mavjudligi va ularning o‘z vaqtida bajarilishi, davolash muassasalarining metrologik ta’minoti uchun mas’ul shaxslar tayinlanishi tibbiyot muassasasini litsenziyalashdagi muhim shart hisoblanadi. Va bu juda muhim, chunki O‘zbekistonda yildan-yilga davolash-diagnostika muassasalarining soni ko‘payib bormoqda. Ularning metrologik ta’minoti to‘liqroq qamrab olinishi uchun “Metrologiya xizmatlari ko‘rsatish markazi” DK tomonidan qiyoslash, metrologik attestatlash, va axborot, transport-servis xizmatlari, laboratoriya tadqiqotlari kabi servislarni o‘z ichiga oladigan, tibbiy texnikani o‘lchash birliligini ta’minlashga kompleksli yondashuv joriy etilmoqda. Buning uchun, birinchi navbatda, innovatsion uskuna xarid qilinib, uning hisobiga akkreditatsiya doirasi ahamiyatli darajada kengaytirilgan. Misol uchun, hozirda markazda ultra yuqori chastotali terapevtik apparatlar, reograflar, elektromiograflar, EKG-xolter, elektroensefalograflarni qiyoslash va metrologik attestatlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Shuningdek bu yerda ultratovushli diagnostika uskunalari, dopler apparati, ExoEG, bosh miya exosignallarining analizatorlari, past chastotali terapevtik va muolaja uskunalari qiyoslashdan o‘tkazilmoqda.
Markazimizning va boshqa institutdagi hamkasblarimizning amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, har yillik metrologik tekshiruv tibbiy texnika ko‘rsatkichlarining muvofiqligini ta’minlashga imkon beradi. Deyarli barcha diagnostika uskunalari va terapevtik apparatlarning ko‘p qismi o‘lchash funksiyalarini, ya’ni u yoki boshqa tibbiy parametrlarning miqdoriy bahosini yoki elektrik potensial, bosim darajasi, vaqt intervallari, tasvirlarning geometrik o‘lchamlari kabi tavsiflarni o‘z ichiga oladi. Bu parametrlar ham tekshirilishi kerak. Keling, rentgen apparatlari, tomograflarni olaylik. Agar bunday uskunalar o‘z vaqtida tegishli qiyoslashdan o‘tkazilmasa, u holda tekshirish vaqtida patsiyent qanday miqdorda rentgen nuri bilan nurlanayotganligini tekshirish imkoni bo‘lmaydi. Misol uchun, vaqt o‘tishi bilan rentgen nurlanish taramining fokusi va tasvirni aks ettiradigan detektor sifati yomonlashadi, apparat operatori aniqroq tasvir olish uchun o‘z ixtiyoriga ko‘ra rentgen nurlanish quvvatini oshirishi mumkin. Metrologik tekshiruvda esa sog‘liqni saqlashda nosoz uskuna qo‘llanishining oldi olingan bo‘lar edi.
Ultratovushli tadqiqotlar o‘tkazilishida ham organ va strukturalarning geometrik o‘lchamlarini aniqlash aniqligi nafaqat apparat sifatiga bog‘liq, balki vrach kuzatuv va harakat rakursini qanchalik to‘g‘ri tanlaganligiga, shuningdek o‘rganilayotgan to‘qimalarning xossalariga ham bog‘liq, chunki geometrik o‘lchamlarning aniqlanishida pribor dasturida to‘qimalardagi ma’lum qaydlangan tovush tezligi o‘rnatiladi. Biroq diagnoz qo‘yilishi apparat ko‘rsatishining aniqligiga bog‘liq, masalan, vrachning keyingi harakatlari tuxumdon kistasining o‘lchami va strukturasiga bog‘liq. Boshlang‘ich bosqich aniqlangan holda (kichik o‘lcham) operatsiya muolajasini bajarmasdan, tegishli davolash kursini belgilaydi yoki aksincha. UTT apparatining to‘g‘ri ishlashini esa, turli nishonlarni imitatsiyalovchi pretenzion ultratovushli fantom aniqlashga yordam berib, apparat sezgirligini, uning o‘lchamlarni aniqlash imkoniyatlarini va h.k. aniqlash mumkin.
EKG apparatlari mamlakatimizning barcha davolash va diagnostika muassasalarida, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda, qishloq vrachlik punktlarida keng qo‘llanadi. Ular yordamida vrach yurak urish ritmini o‘lchaydi. EKG aniqlagan ritm proporsiyasi va har bir urish orasidagi intervalga bog‘liq holda, diagnoz qo‘yiladi. Bunday texnikaning nosozligida vrach noto‘g‘ri qaror chiqarishi mumkin.
Bunday vaziyatlarning oldini olish maqsadida, hamda davolash muassasalaridagi tibbiy texnika qiyoslovi, metrologik tekshiruvining zamon talabiga ko‘ra va sifatli tashkil etilishi uchun qiyoslash o‘tkazish va joyida xizmat ko‘rsatish uchun markazda ko‘chma qiyoslash laboratoriyalari butlangan.