Surxondaryoda 5 ming tonna karam eksport qilindi
Surxondaryo viloyati Angor tumani aholisining aksariyati dehqonchilik bilan shug‘ullanib, bu yerda karam, gulkaram, lavlagi, ko‘kat kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Ichki bozor ehtiyojlaridan ortib qolgan mahsulotlar esa eksportga yo‘naltirilayapti.
Shu o‘rinda yurtimizda o‘rnatilgan tartiblar, ya’ni eksport bojxona to‘lovlarining butunlay bekor qilinganligi, bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun to‘lovlarning 2 barobarga kamaytirilganligi, shuningdek 2017 yilning 1 yanvaridan mahsulotlarning eksporti bo‘yicha tuzilgan shartnomalar bojxona organlarida hisobga qo‘yilmasligi, xorijga yo‘naltirilgan tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikatlar avvalgidek 3 ish kunida emas, balki 1 ish kunida taqdim etilishi tadbirkorning vaqtini va moliyaviy xarajatlarini qisqarishiga xizmat qilayotganini ta’kidlash kerak.
Pirovardida, joriy yilning buguniga qadar 870 ming AQSh dollaridan ortiq qiymatidagi 5 ming tonna karam mahsuloti Surxon vohasidan chetga eksport qilindi.
- Tomorqa va hovlimdagi jami 2500 m2 (25 sotok) yerimga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekdim, va bugungi kungacha eksport uchun har bir kilosini 3500 so‘mdan jami 4 tonna karam topshirdim, - deydi biz bilan suhbatda Angor tumani “Ilg‘or” mahallasida yashovchi fuqaro Murod Jumayev. Uning ta’kidlashicha 2500 m2 yer maydonida 10 tonnagacha karam yetishtirish mumkin.
- Biz oilaviy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanamiz, asosiy daromadimiz ana shundan. Biz dehqonlar uchun qulaylik sifatida mahallamizning o‘zida maxsus markazlar tashkil qilinib, shu yerning o‘zida qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksportyorlar tomonidan xarid qilinayapti. Bu esa ishimizni yengillashtirib, yetishtirgan mahsulotlarimizni sotish uchun xaridor qidirishdek sarsongarchiliklardan holi bo‘lishimizga imkoniyat yaratdi. - deya qo‘shimcha qildi Murod Jumayevning akasi Erkin Jumayev.
Aytish kerak-ki, yuqorida ta’kidlangan maxsus markazlarda bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvi jarayonlari 24 soat davomida amalga oshirilmoqda. Bu esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifati va tovarbop ko‘rinishi zararsiz, tez fursatlarda chetga eksport bo‘lishiga xizmat qilayapti.
Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport bo‘layotgan mazkur maydonlarda bu jarayonni amalga oshirilishidagi tartib-taomillar, sertifikatlar uchun to‘lov narxlari hamda bevosita ishtirok etuvchi tashkilotlar ro‘yxati va ularning ma’sul xodimlari to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar keltirilgan bo‘lib, unda Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining (376) 225-24-51 raqamli “Ishonch telefoni” ham ko‘rsatilgan.