Yosh tadqiqotchilar – kelajagimiz tayanchi
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida iqtidorli yoshlarning fan haftaligi boshlandi. Uning doirasida “Fan va texnika taraqqiyotida intellektual yoshlarning o‘rni” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Intellektual mulk agentligi, Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan tashkil etilgan tadbirda turli tashkilot hamda muassasalar vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari va qator oliy o‘quv yurtlari olimlari, tadqiqotchilar hamda talabalar qatnashdi.
Universitet rektori F.Rizayev, Intellektual mulk agentligi bosh direktori o‘rinbosari M.Bobojonov va boshqalar mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirish, fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi. Birinchi Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Anjumanda muhandislik tizimlari va fizikasi, mexanika va mashinasozlik texnologiyalari, energiya tejamkor texnologiyalar va qayta tiklanuvchan energiya manbalari, muhandislik geologiyasi va konchilik ishi, neft va gaz, kimyoviy texnologiya va sanoat ekologiyasi, iqtisodiyot, menejment va marketing, fundamental fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Unda 400 dan ziyod iqtidorli yosh yigit-qiz olib borayotgan ilmiy izlanishlari, texnik loyihalari va ishlanmalari bilan ishtirok etdi.
Mazkur haftalik doirasida “Eng yaxshi innovatsion g‘oya”, “Eng yaxshi ma’ruza” nominatsiyalari bo‘yicha tanlov ham o‘tkaziladi. Unda universitetning iqtidorli talabalari ilmiy-tadqiqot ishlari bilan faol qatnashadi. Ular orasidan eng dolzarb va ilmiy jihatdan salmoqli, deb topilganlari X Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida qatnashish uchun tavsiya qilinadi.
Sultonbek Erkinov universitetning iqtidorli talabalaridan. U 2015-yili yaratgan «Telefon orqali boshqariladigan robot» nomli ixtirosi bilan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining «Yurt kelajagi» ko‘rik-tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. Bu yil texnika olamiga ilk qadam qo‘yayotgan, ixtirolarga qiziquvchi bolajonlar uchun aqlni charxlaydigan «Deviser», ya’ni «Ixtiro» deb nomlangan sxema yaratdi.
– Men taklif etayotgan loyihada 123 element joylashtirilgan bo‘lib, bolalar svetofor, aqlli chiroq, elektron pianino, o‘rdak ovozi, elektron qo‘riqchi kabi 20 dan ziyod harakatlanuvchi jismlarni, sxemalarni yig‘sa bo‘ladi. Yaqinda ushbu loyiha uchun «Kamolot" stipendiyasiga sazovor bo‘ldim. Bugungi anjumanda mamlakatimizdagi eng kuchli, bilimli, ixtirochi yoshlar qatnashmoqda, ular bilan fikr almashamiz, texnika olamidagi yangiliklar bilan tanishamiz.
Haftalik doirasida «Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi», «Fundamental, amaliy va innovatsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish» mavzularida seminar-treninglar tashkil etiladi.
Azima Qiyosova, O‘zA