50 milliard so‘mlikdan ziyod shartnomalar imzolandi
Qashqadaryoda viloyatdagi yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yilda xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan yirik va kichik ishlab chiqarish korxonalari, xususiy tadbirkorlar bilan birga mamlakatimizning boshqa hududlaridan korxonalar o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.
Prezidentimiz rahnamoligida xususiy sektorning erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor ushbu tarmoqning iqtisodiyotimiz taraqqiyotidagi o‘rnini yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik tufayli mahalliy xomashyodan tayyorlangan xaridorgir, import o‘rnini bosuvchi sifatli mahsulotlar turi yildan-yilga ko‘paymoqda.
Mazkur yarmarka raqobatbardosh, eksportbop zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, yirik korxonalar va kichik biznes subyektlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda bozorga yangi kirib kelayotgan tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlar turini ko‘paytirishga zamin bo‘luvchi buyurtmalar portfelini shakllantirish, tovar va xizmatlarni reklama qilishda amaliy ko‘mak berishga xizmat qilmoqda.
Yarmarkada tog‘ jinslarini qayta ishlashga mo‘ljallangan texnikalardan tortib, chiroyli va bejirim mebellar, qurilish materiallari, polietilen quvurlar, parfyumeriya, qandolat, oziq-ovqat mahsulotlarigacha namoyish etildi. Ularning 10 dan ortiq turi yangi mahsulotlardir.
Kitob shahridagi “Tegirmonmontajservis” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan taklif etilgan ehtiyot qismlar va qurilmalar donni qayta ishlovchi tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Korxonamiz un, omuxta yem va kombikorma mahsulotlari tayyorlovchilarga import o‘rnini bosuvchi ehtiyot qismlar ishlab chiqarish va ularga servis xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi, – deydi korxona rahbari Alijon Eshqobilov. – Faoliyatimizni yanada kengaytirish maqsadida turkiyalik hamkorlar bilan joriy yilning boshida qo‘shma korxona tashkil etdik. Endilikda un, omuxta yem, kombikorma ishlab chiqarishga mo‘ljallangan texnologiyalarni o‘zimizda ishlab chiqaramiz. Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar uchun ham texnologiyalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 2019-yilda ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan qo‘shma korxonada 50 yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 2 million dollarlik texnologiya va uskunalar ishlab chiqariladi.
Yarmarkada korxona va tashkilotlar, muassasalar, xo‘jalik yuritish subyektlari hech qanday tender tanlovisiz o‘zaro shartnomalar imzolash va mahsulot xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mahsulotlar xaridi va hamkorlikka oid 50 milliard so‘mlikdan ziyod shartnomalar imzolandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA