Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi “Alpomish” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi. Ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatning bo‘sh yotgan binolarini ko‘zdan kechirdi.
Prezidentimiz viloyatlarga tashrifi chog‘ida yirik obyektlarning xususiylashtirilgandan keyingi ahvoli bilan qiziqmoqda. Bunday obyektlar samarali ishlab ketishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlash, kichik sanoat zonalarini tashkil etish va hudud ehtiyojidan kelib chiqqan holda mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar bermoqda.
Mazkur korxonada ham ulkan imkoniyatlar mavjud.
Prezidentimiz mablag‘i, texnologiyasi va tajribasi yetarli bo‘lmagan tadbirkorlarga yordam berish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida tizim ishlab chiqish kerakligini ta’kidladi.
Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qator istiqbolli loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi.
Samarqand viloyati ulkan sayyohlik salohiyatiga ega. Turizmni rivojlantirish, sayyohlik xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish va yo‘nalishlarini kengaytirish yuzasidan izchil ishlar olib borilmoqda. Bu boradagi salohiyatni yanada oshirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida Samarqand shahrida erkin turistik hududni barpo etish bo‘yicha 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan loyihalar ishlab chiqilgan. Ushbu loyihalarga ko‘ra shaharning Amir Temur ko‘chasida sayyohlik-ko‘ngilochar mehmonxona kompleksi, Samarqand eshkak eshish kanali bo‘yida qishki dam olish maskani barpo etish mo‘ljallanmoqda.
Davlatimiz rahbariga mazkur yangi sayyohlik markazlarining imkoniyatlari, sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar, ko‘ngilochar maskanlarda xalqimizning milliy an’ana va qadriyatlarini namoyish etish bo‘yicha tashkil etiladigan loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Samarqand viloyatida ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, tadbirkorlarning erkin faoliyat ko‘rsatishini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning shu yil 12-yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni soha uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Qarorga muvofiq, "Urgut" erkin iqtisodiy zonasining Urgut tumanida "Urgut-1", Nurobod tumanida "Urgut-2" va Pastdarg‘om tumanida "Urgut-3" hududlari tashkil etildi. Ushbu hududlar uchun jami 816 gektar yer ajratilib, ularni zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash ishlari boshlab yuborilgan. Bugungi kunda yengil sanoat, maishiy texnika, tibbiyot jihozlari, farmatsevtika, charm-poyabzal, kanselariya mollari, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan 83 loyiha tayyorlangan, ularning 20 tasi joriy yilda ishga tushiriladi.
Umumiy qiymati 250 million dollarni tashkil etuvchi ushbu loyihalar tijorat banklari krediti va ta’sischilarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Natijada 5,5 ming yangi ish o‘rni tashkil etiladi.
Prezidentimiz ushbu strategik hududni tashkil etish borasidagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Hududga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish, xorijdagi industrial zonalar faoliyatini o‘rganish va ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish lozim. Urgut tumanida muayyan kollejni tanlab, iqtisodiy zonada faoliyat ko‘rsatadigan kadrlar tayyorlash, bunday tajriba “Qo‘qon”, “G‘ijduvon”, "Hazorasp" erkin iqtisodiy zonalariga ham joriy etish kerakligi qayd etildi.
Tadbirkorlar bilan muloqotda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhitidan samarali foydalanish, mahsulotlar sifatini oshirish, eksport faoliyatini rivojlantirish, tashqi bozorlarni o‘rganish va xorijlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.