Islohotlar samaradorligining kafolati
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, mahalla faollari, o‘qituvchilar, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
“Harakatlar strategiyasi – ijtimoiy sohadagi islohotlarning muhim omili” mavzusidagi tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan Harakatlar strategiyasi islohotlar samaradorligini yanada oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama uyg‘un va jadal rivojlantirish, barcha sohalarni modernizatsiya qilish va erkinlashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
– Tadbir mavzusi hamda ishtirokchilar taklifidan kelib chiqib, Harakatlar strategiyasining ijtimoiy sohani rivojlantirish, deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalishida belgilab berilgan vazifalar mohiyatiga ko‘proq e’tibor qaratildi, – deydi partiyaning viloyat kengashi raisi U.Shoumarov. – Bu yo‘nalish aholi bandligini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ularning salomatligini saqlash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiyalash, aholini elektr energiyasi, gaz bilan ta’minlashni yaxshilash, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, maktabgacha ta’lim muassasalari, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yuksaltirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Harakatlar strategiyasining maqsad va vazifalari, mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishda keng jamoatchilik ham faol ishtirok etishi yuzasidan fikr almashildi.