Elektron tijorat masalalari muhokama qilindi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi tomonidan elektron tijorat ishtirokchilari huquqlarini himoya qilish va amalga oshirishning huquqiy mexanizmlariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev va boshqalar iqtisodiyot tarmoqlariga axborot texnologiyalarini keng joriy etish ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga biznes yuritishda qulayliklar yaratish, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishda muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.
Bugungi kunda biznesda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanilayotgani natijasida sohaning elektron ko‘rinishi shakllanmoqda, masofalar qisqarib, vaqt tejalmoqda. Turli yumushlarni internet orqali bajarish, xat-xabarlar, to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish amaliyoti kengayib borayotir. Pirovardida zamonaviy axborot texnologiyalari asosida yangi turdagi bank xizmatlarini ko‘rsatish, elektron tijorat, elektron to‘lovlar tizimi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblar samaradorligini oshirish uchun keng shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Elektron tijoratni rivojlantirish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ajralmas qismi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonunlari bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. 2015 yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun soha taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan birga, mahalliy xo‘jalik sub’ektlarining samarali faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid tizimli ishlarning takomillashuviga olib keldi.
Hukumat qaroriga asosan 2016-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Unga muvofiq, joriy yilda elektron tijoratning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, uni amalga oshirish standartlari, shakllari, mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.
– Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida elektron shaklda bitimlar tuzish kundalik amaliyotga aylanib bormoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ulug‘bek Samatov. – Elektron to‘lovlar hajmi yildan yilga ortib, elektron tijorat xizmati va tovar iste’molchilari uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirishning yangi va qulay mexanizmlari joriy etilmoqda. Bu esa sohada faoliyat ko‘rsatayotgan biznes sub’ektlari hamda iste’molchilar manfaatlari, qonuniy huquqlarini amalga oshirishni ta’minlovchi ta’sirchan huquqiy asoslarni shakllantirishning dolzarbligini ko‘rsatadi.
Seminarda mamlakatimizda elektron tijoratning jadal rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan omillar, xususan, pochta xizmatlari tizimi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani, elektron raqamli imzo texnologiyalari, olis tumanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarning telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari cheklangani singari masalalar muhokama qilindi.