Puxta va aniq maqsadli sa’y-harakatlar

 

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirishga mustahkam zamin yaratmoqda

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda uni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda iste’mol tovarlarini uzluksiz etkazib berish, ichki bozorda narx-navolar sun’iy ko‘tarilishining oldini olish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilangan.
 
Oziq-ovqat xavfsizligi ko‘p jihatdan qishloq xo‘jaligi rivoji bilan uzviy bog‘liq. Biroq, shunday bo‘lsa-da, aholini kundalik iste’mol mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashda minglab tashkilot va ishlab chiqarish quvvatlari ham hal qiluvchi o‘rin tutadi.
 
Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda 10 mingga yaqin oziq-ovqat sanoati korxonalari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 18 foizdan ko‘proqni tashkil qiladi. Bunda oziq-ovqat bozorining asosiy ishtirokchilari bo‘lgan “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zdonmahsulot”, “O‘zvinosanoat-xolding” kompaniyalari, shuningdek, xususiy ishlab chiqarish sub’ektlarining salmoqli hissasi bor. Xususan, “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi sohani o‘rta va uzoq muddatli rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish, amaliyotga xom ashyoni chuqur qayta ishlaydigan so‘nggi texnologiyalarni kengroq joriy etish bo‘yicha samarali ish olib bormoqda. Bugungi kunda uning tarkibida turli mulkchilik shaklidagi 300 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritayapti. Meva-sabzavot, go‘sht, sut, qandolat mahsulotlari, chanqovbosdi ichimliklar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan mazkur sub’ektlar orasida “Nestle”, “Koka-Kola”, “Pepsi” va dunyoga mashhur boshqa kompaniyalarning shu’ba korxonalari ham borligi diqqatga sazovor. 
 
Aytish joizki, tizimdagi korxonalar bugungi bozor talablariga tez moslashishi, ishlab chiqarishni mobilь tashkil qila olishi bilan ajralib turadi. “Molochniy domik” brendi ostida sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarayotgan korxona faoliyati bunga misol bo‘la oladi. 
 
Gap shundaki, uning jamoasi nafaqat mahsulot sifatini yaxshilashga intilmoqda, balki marketing yo‘li bilan xaridorlarga yaqinlashish payidan bo‘lmoqda. Ya’ni poytaxtimizdagi 70 dan ortiq “savdo uycha”lari orqali aholiga tvorog, qaymoq, qatiq va boshqa sut mahsulotlari etkazib berilayapti. 
 
-Odatda, xaridor savdo majmualarining sut mahsulotlari rastasi oldiga kelganida, qaysi mahsulotni olsam ekan, deya o‘ylanib qoladi, -deydi “Ibragimov X.N” korxonasi direktori Husan Ibragimov. -Chunki bunday mahsulotlarning assortimenti juda keng. Qolaversa, deyarli barcha kompaniyalar bir xil qadoqlash texnologiyasi hamda vositalaridan foydalangani tufayli tashqi bezaklardagi tafovutlar u darajada katta emas. Shu sababli jamoamizni kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilaridan shakllantirib, ularning yangicha qarash hamda g‘oyalaridan unumli foydalandik. Bu esa biznes faoliyatimizni kengaytirishda qo‘l keldi. Aniqrog‘i, poytaxtimizda sifatli, tabiiy va toza sut mahsulotlariga to‘la “sut uycha”larining paydo bo‘lishi birdaniga xaridorlarning e’tiborini tortdi. Savdo-sotiqni bunday shaklda yo‘lga qo‘yganimiz korxonamiz marketingida omadli qadam bo‘ldi.
 
Ichki bozorda o‘n yildan ortiq davr mobaynida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan “Natural Juice”  mas’uliyati cheklangan jamiyati ham “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tarkibidagi yirik ishlab chiqarish sub’ektlaridan biri hisoblanadi. Dastlab “Fruktoviy sad” savdo belgisi ostida xaridorini topgan korxona 2007 yildan e’tiboran buyurtmachilarga “Sochnaya dolina”, “Viko” brendida mahsulotlar etkazib bera boshladi. Bunday tabiiy sharbatlarga talab ortishi yangi tsexlarni barpo etish, ishlab chiqarish hajmini oshirishga katta turtki bo‘ldi, albatta.  
 
Xorijning eng ilg‘or texnologik liniyalari bilan jihozlangan shu kabi oziq-ovqat sanoati korxonalarida sifat menejmenti tizimi joriy qilingani tayyorlanayotgan mahsulotlar xavfsizligi va raqobatdoshligi ta’minlanishida muhim omil bo‘lmoqda. Binobarin, eksport hajmini oshirish “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi zimmasidagi asosiy vazifalardan biridir. Shu maqsadda yurtimiz hamda xorijda o‘tkazilayotgan ko‘rgazma va yarmarkalarda faol ishtirok etish, logistika markazlari tashkil qilish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rilayotir.  
 
Ma’lumki, oziq-ovqat mahsulotlarini uzoq muddat saqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham dunyoda tovarlar taqsimotida, jumladan, tez ayniydigan iste’mol tovarlarini taqsimlashda logistika markazlarining roli va ta’siri g‘oyat katta. Shu ma’noda, mamlakatimizda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, 2020 yilga qadar meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va eksport qilish bo‘yicha 14 ta savdo-logistika markazini ochish ko‘zda tutilgani quvonarlidir. Ularni barpo etishda mahsulotlarni sifatli tashish, saqlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash, sertifikatlash hamda eksport qilishni ta’minlaydigan tegishli infratuzilma bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 
 
Sohada olib borilayotgan ana shunday tizimli islohotlar natijasida O‘zbekiston juda qisqa davr ichida oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchidan eksport qiluvchi mamlakatga aylandi. Hozirgi paytda sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarimiz dunyoning ellikdan ortiq davlatiga sotilayapti. Oxirgi yillarda mahsulotlarimizni import qiladigan davlatlar safi AQSh, Ispaniya, Avstriya, Polьsha, Italiya, Yaponiya, Shveytsariya va boshqa davlatlar bilan yanada kengaydi. Misol uchun, Polьshada O‘zbekistonning quritilgan oshqovoq, anjir, o‘rik hamda olxo‘ri mahsulotlariga talab katta bo‘lsa, Koreya Respublikasidagi iste’molchilar gilosimizga bo‘lakcha mehr qo‘ygan, ushbu mamlakatda qovunlarimiz bozori ham chaqqon. Ispanlar esa yurtimizda etishtirilgan bodring, sarxil salat mahsulotlarini sevib iste’mol qilishmoqda. Loviya, no‘xat, oshqovoq, quritilgan sabzi esa avstriyaliklarda katta qiziqish uyg‘otayapti. 
 
Hindiston  uzoq yillardan beri o‘zbek moshini muntazam xarid qilib keladi. Birgina o‘tgan yili mazkur mamlakatga 67 ming tonnadan ortiq shunday mahsulot etkazib berildi. Bu 2015 yildagiga qaraganda uch baravar ko‘pdir. Bunda “O‘zagroeksport” aktsiyadorlik jamiyati imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. “Shri Niwas Dall And Besan Mill”, “Green Field Agro”, “Avika Foods” va “Eco Green Import&Export” singari Hindiston kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar imzolangan. Darvoqe, ushbu mahsulotni, asosan, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari dehqonlari etishtirib berayotir. Joriy yilning yanvarь oyida “O‘zagroeksport” tomonidan Hindistonga 300 tonna mosh eksport qilindi. Mart oyining oxirida yana ikki ming tonna mahsulot yuklanib, ushbu manzil tomon jo‘natildi. Bundan tashqari, hind hamkorlarimiz taklifiga binoan, respublikamizning turli hududlarida keyinchalik eksport qilish uchun moshning yangi navlari, jumladan, “Black Matpe” navini sinov tariqasida etishtirish mo‘ljallanayapti. 
 
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami kelgusida ortib boraveradi. Negaki, birgina 2016 -2020 yillarda meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlarining xom ashyo bazasini yanada rivojlantirish, ularni qayta ishlashni chuqurlashtirish, oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish va eksport qilishni ko‘paytirish dasturiga muvofiq, 596 million AQSh dollarilik 180 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. 
 
Yaqinda Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “ProdEkspo -2017” xalqaro ko‘rgazmasida erishilgan natijalar savdo-iqtisodiy sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, meva-sabzavot mahsulotlari eksportini tashkil qilish bo‘yicha olib borilayotgan salmoqli ishlarning o‘ziga xos ko‘zgusi bo‘ldi, desak, mubolag‘a emas. 
 
Gap shundaki, ushbu ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini yangi bozorlarga, xususan, Mo‘g‘uliston va Vьetnamga etkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Endilikda mazkur mamlakatlarga sarxil va quritilgan meva, poliz hamda dukkakli mahsulotlar eksport qilinadigan bo‘ldi. 
 
Ko‘rgazma doirasida Xitoyning “Honkong Line Trading CO LTD”, Qozog‘istonning “Metro Kesh End Kerri”, Belarusning “Evrotorg”, Rossiyaning “Chelni-xleb”, “SPAR Tula”, Mo‘g‘ulistonning “Happy Fruits” va boshqa kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar yakunida jami 74 million AQSh dollarilik sarxil hamda qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlar savdosi bo‘yicha bitim imzolandi.
 
Germaniya poytaxtida bo‘lib o‘tgan “Yashil hafta -2017” yarmarkasi doirasida esa 151,1 million dollarlik shartnomalar tuzildi. Qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, bog‘dorchilik va oziq-ovqat sanoatining eng so‘nggi yutuqlari namoyish etilgan yirik forumda 66 mamlakatning 1,6 mingdan ortiq kompaniya hamda fermer xo‘jaliklari qamrab olindi. Unda O‘zbekiston kompaniyalari ham munosib ishtirok etdi. Mazkur nufuzli xalqaro yarmarkada “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zvinosanoat-xolding” xolding kompaniyalari, “O‘zagroeksport” aktsiyadorlik jamiyati singari tashqi savdo tuzilmalari, respublikamizning turli hududlaridan fermer xo‘jaliklari yurtimiz agrosanoati salohiyatini namoyish qilishdi. Ona zaminimizda etishtirilgan bolday totli hamda foydali tabiiy ne’matlar, shuningdek, yog‘-moy, vino mahsulotlari, ziravorlar, qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari xorijlik iste’molchilarning qiziqishini oshirdi. O‘zbekiston milliy stendi mehmonlari mamlakatimizda etishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifati va turfaligini alohida e’tirof etdilar. Chunonchi, yurtimizning sarxil va quritilgan mevalaridan tatib ko‘rgan daniyalik tadbirkorlar hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Umuman, yarmarka doirasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Latviya, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy, BAA va Turkiya vakillari bilan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha bitimlar imzolandi.
 
Bular respublikamizda oziq-ovqat sanoatini isloh qilish, fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar berayotgan beqiyos samaralardan bir shingil, xolos. Zero, puxta o‘ylangan va aniq maqsadli sa’y-harakatlar nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki mamlakatimiz eksport salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga mustahkam zamin yaratmoqda.
 

Said RAHMONOV,
 
«Xalq so‘zi» muxbiri.

Manba: «Xalq So'zi»