Do‘rmonda Navro‘z

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining «Do‘rmon» ijod bog‘ida Navro‘z bayrami nishonlandi. Shu munosabat bilan ushbu so‘lim go‘shada yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat, madaniyat, san’at va ilm-fan sohasi fidoyilari jam bo‘ldi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov va boshqalar mamlakatimizda ijod ahli jamiyatning oldi saflarida yuradigan, el-yurt uchun kuyinib yashaydigan fidoyi insonlar sifatida har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidladi. 

Ijtimoiy-siyosiy hayotimizning barcha sohalari qatori xalq ma’naviyatining ko‘zgusi bo‘lmish badiiy adabiyot rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kitobxonlik madaniyati keng targ‘ib etilayotir. Umrini soha ravnaqiga bag‘ishlagan atoqli yozuvchi va shoirlarning adabiy merosi o‘rganilib, tavallud sanalari keng nishonlanmoqda. Nashriyot va bosmaxonalar, gazeta va jurnallarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, nashr ishlari zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yilayotir. 

Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban ijod ahli tomonidan xalqimiz qalbini, uning oliy maqsadlari, ruhiyatini, bugungi hayoti, taqdiri va kelajagini yoritishga qaratilgan ko‘plab asarlar yaratilmoqda. Ular bugungi murakkab zamonda odamlar qalbida ezgulik va bag‘rikenglik tuyg‘ularini kuchaytirishga hissa qo‘shmoqda. 

 

Tadbirda davlatimiz tomonidan yosh ijodkorlarga ajratilgan uylarning kalitlari topshirildi.


– Bu yilgi Navro‘z biz, yosh ijodkorlar uchun qo‘shaloq bayramga aylandi, – deydi G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi yetakchi muharriri, yosh yozuvchi Sanjar Tursunov. – Uyushma tavsiyasiga ko‘ra davlatimiz tomonidan bizga uy berildi. Bunday g‘amxo‘rlikning oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onni mustahkamlashdagi ahamiyati katta. Yosh ijodkorlar bunday e’tibordan doimiy bahramand bo‘lib kelmoqdamiz. «Birinchi kitobim» loyihasi doirasida «Ijod» fondi tomonidan «Muzaffar tonglar» nomli hikoyalar to‘plamim nashr etildi. Bu bizni yanada yuksaklarga intilishga, samarali mehnat qilishga undaydi. 

Tadbirda kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bahoriy noz-ne’matlarga to‘la dasturxon, ijodkorlar tomonidan o‘qilgan she’rlar, xushovoz xonandalarning kuy-qo‘shiqlari barchaga xushkayfiyat bag‘ishladi. 

Manba: O‘zA