Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida baliqchilikni rivojlantirish, bu yo‘nalishdagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda sohaga intensiv texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi tumanlar hokimlari, qishloq va suv xo‘jaligi sohasiga daxldor korxona-tashkilotlar, baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligi sohasini yanada isloh qilish, aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyojini ta’minlash, xususan, baliqchilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Farg‘ona viloyatida baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish, baliqchilik xo‘jaliklari uchun yer maydonlari ajratish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kafolatli suv hamda zarur texnik jihozlar bilan ta’minlash, soha ozuqa bazasini mustahkamlash, bank kreditlari ajratish, tabiiy va sun’iy suv havzalarini tender asosida aholiga ijaraga berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Seminarda baliqchilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar, soliq to‘lovi bo‘yicha belgilangan imtiyozlar, intensiv texnologiyalarni joriy etish usullari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
– Baliqchilik sohasi Vetnam davlati iqtisodiyoti va eksport salohiyatini yuksaltirishga juda katta hissa qo‘shmoqda, – deydi “Prot Fish Trade” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari B.Teshaboyev. – Aslida tabiiy iqlim sharoitimiz deyarli bir xil. Ammo ularda baliqchilik sohasi samaradorligi bizdagidan besh marta ko‘proq ekan. Baliq mahsulotlarini qayta ishlovchi 600 zavodning 400 tasi asosan eksport faoliyati bilan shug‘ullanadi. Baliq yetishtirish faqat intensiv texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi. Mamlakatimizda ham sohani yanada takomillashtirish uchun barcha sharoit mavjud.
Farg‘ona viloyatida ham baliqchilik tarmog‘ida intensiv texnologiyalar keng qo‘llanilmoqda. Masalan, “Sadok”, ya’ni sun’iy suv havzalarida chuqurligi 3-3,5 metr, o‘rtacha 6x8 kvadrat metr o‘lchamdagi, atrofi to‘r bilan o‘ralgan baliq yetishtiradigan moslamalar, ayniqsa, samarali. Sababi, unda baliqni to‘liq nazorat qilish, oziqlantirish, ovlash, tor joyda ko‘p miqdorda baliq parvarishlash imkoniyati mavjud. Tadbir doirasida bu borada mutaxassislar tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi.
– Bugungi seminarda nafaqat intensiv texnologiyalardan samarali foydalanish, balki biologik me’yorlar, oziqlantirish jarayonlarini to‘liq bajarish, amaliy tajribani ilmiy qarashlar bilan o‘zaro uyg‘unlashtirish bo‘yicha ham bilimimiz yanada boyidi, – deydi Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi “Turg‘unboy saxovat nuri” baliqchilik fermer xo‘jaligi rahbari F.Vohidov. – Bundan buyon ishimizni ixtisoslashgan markazlar ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda tashkil etamiz.
Tadbir doirasida Markaziy Farg‘ona suv omborida “Sadok” usulida baliq yetishtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tajriba tariqasida o‘rganildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev so‘zga chiqdi.