O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot2017-yil 28-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. 

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi. 

Senatorlar ishni “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. Mamlakatimizning Asosiy qonuniga tuzatishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga hamda 2017-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq kiritilmoqda. 

Muhokama chog‘ida senatorlar ta’kidlaganlaridek, qonun 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan prinsipial qoidalardan iborat bo‘lib, ularda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish, nomzodlarni tanlash va sudyalar lavozimlariga tayinlash tizimini yanada takomillashtirish sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlari sifatida mustahkamlab qo‘yilgan. 

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80, 81, 83, 93, 107, 110, 112-moddalariga tegishli o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda. Ushbu tuzatishlarga muvofiq Oliy xo‘jalik sudi va Oliy sud fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ishi yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organiga – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirilmoqda. 

Qonunni muhokama qilish davomida senatorlar tomonidan qayd etilganidek, sud hokimiyatining oliy organi ikkita ekanligi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudining mavjudligi, avvalambor, sud tizimini boshqarish funksiyalarining takrorlanishiga sabab bo‘layotgan edi, amaldagi tuzilma yagona sud amaliyotini, xizmat vazifalarining oqilona taqsimlanishini ta’minlab bermayotgan edi. 

Majlisda ta’kidlanganidek, qabul qilingan konstitutsiyaviy o‘zgartishlar mamlakatimizda sud tizimini yanada chuqur isloh qilish, demokratlashtirish, odil sudlovning samaradorligini oshirish uchun asos yaratadi. 

Mazkur konstitutsiyaviy tuzatishlarga muvofiq sud tizimida iqtisodiy va ma’muriy sudlar tuzilmoqda. Senatorlar qayd etganlaridek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtisodiy, ma’muriy sudlarini, shuningdek, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarini hamda tuman, shahar ma’muriy sudlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi ushbu konstitutsiyaviy o‘zgartishlar mamlakatimizda olib borilayotgan ma’muriy, iqtisodiy, bozor islohotlarini sud-huquqiy jihatdan ta’minlash samaradorligini oshirishning, xususiy mulk huquqini, tadbirkorlik faoliyatini sudda ishonchli himoya qilishning muhim omiliga aylanadi. Jumladan, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolarni, shu jumladan, davlat organlarining harakatlariga yoki harakatsizligiga, qarorlari ustidan fuqarolarning, tadbirkorlik subyektlarining bergan shikoyatlarini va murojaatlarini ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan turli darajadagi ma’muriy sudlarning tuzilishi insonlarning, yuridik shaxslarning qonuniy huquqlarini va erkinliklarini, manfaatlarini sudda himoya qilish samaradorligini tubdan oshiradi. 

Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq sud-huquq tizimida yangi institut – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi joriy etilmoqda. Bu Kengash avval amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasini almashtirishi lozim. Majlis davomida ta’kidlanganidek, mazkur komissiya zarur konstitutsiyaviy maqomga, yetarlicha vakolatlarga ega bo‘lmagan, bu esa amaldagi sudyalar korpusini shakllantirish ishlarining samaradorligiga ta’sir ko‘rsatgan. 

Sudyalar oliy kengashi tuzilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 111-moddasining yangi tahririda Sudyalar oliy kengashining konstitutsiyaviy maqomi aniq mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi sud hokimiyati mustaqilligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsipga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashishi belgilab qo‘yilmoqda. Kengash raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan tayinlanishi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 80-moddasining 4-bandi), Sudyalar oliy kengashi a’zolari qonunga muvofiq davlat rahbari tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yilmoqda. 

Konstitutsiya Sudyalar oliy kengashiga keng vakolatlar beradi. Konstitutsiya 93-moddasi birinchi qismi 14-bandining yangi tahririga muvofiq Prezident O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi taqdimnomasiga binoan viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais o‘rinbosarlarini, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisini lavozimga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi. 

Ayni paytda Kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda harbiy sudlar, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalarini, tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislarini hamda sudyalarini mustaqil ravishda lavozimga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi. Shuni qayd etish kerakki, avval sudyalarning bu toifalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanar edi. 

Senatorlar qayd etganlaridek, Konstitutsiyaga sud hokimiyatining faoliyatini tubdan yaxshilashga, nufuzini oshirishga, sudlar tuzilishini takomillashtirishga hamda sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlash tizimini demokratlashtirishga qaratilgan ushbu va bir qator boshqa o‘zgartish hamda qo‘shimchalarning kiritilishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari sudda ishonchli himoya qilinishini ta’minlashning, mamlakatda qonun ustuvorligini, qonuniylikni mustahkamlashning muhim omiliga aylanadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

16.JPG

 

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar. Senatorlar ta’kidlaganlaridek, Sudyalar oliy kengashining tuzilishi yuqori malakali sud korpusini shakllantirishga, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining asosiy vazifalari va vakolatlarini, huquqlari hamda majburiyatlarini, uni shakllantirish va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilab beradi. 

Kengash faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, mustaqillik, kollegiallik, xolislik, a’zolarining teng huquqliligi va ochiqlik hisoblanadi. 

Kengash o‘z faoliyatini faqat qonunga bo‘ysungan holda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshirishi, Kengash faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bu qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Kengash a’zolari qarorlar qabul qilishda siyosiy qarashlardan va boshqa tashqi ta’sirlardan xoli bo‘lgan o‘z nuqtai nazarini ifodalaydi. 

Qonunga muvofiq Kengash rais, rais o‘rinbosari, uning a’zolari va kotibidan iborat yigirma bir nafar tarkibda sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan shakllantiriladi. Kengash raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Senat tomonidan tayinlanadi. Kengash raisining o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va bir vaqtning o‘zida Kengash huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazini boshqaradi. 

Bunda Kengashning o‘n bir nafar a’zosi Kengash raisining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sudyalar orasidan tasdiqlanadi. Kengashning bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari sudyalari orasidan tasdiqlanadi. Senatorlarning fikricha, bunday tartib sudyalar korpusi faoliyatini shakllantirishda, tashkil etishda sudyalar, sudyalar hamjamiyati rolini oshiradi. Kengash kotibi va uning yetti nafar a’zosi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Kengashning 13 nafar a’zosi, shu jumladan, Kengash raisi, kotibi va o‘n bir nafar a’zosi Kengashda doimiy asosda ishlaydi. Kengashning qolgan sakkiz nafar a’zosi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Qonunda Kengash a’zolarining maqomi belgilab berilmoqda, ularning vakolat muddati 5-yil etib belgilanmoqda. 

Konstitutsiya qoidalari asosida va uni yanada rivojlantirib, qonunda Kengash vakolatlari belgilanmoqda. Yuqorida ko‘rsatilgan vakolatlar bilan bir qatorda Kengash sudya kadrlar zaxirasini shakllantiradi, sudyalar lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlaydi, turli darajalardagi sudlar sudyalarini tayinlash, qayta tayinlash, vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etadi. 

Kengash sudyalarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga iltimosnoma kiritish, sudyalarni intizomiy, jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega. Kengashning muhim vazifalaridan biri – sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini va uni amalga oshirish sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga kiritishdan iborat. 

Shuningdek, qonunda Kengash a’zolari mustaqilligi, ularni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari belgilangan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Shundan so‘ng senatorlar “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrda qabul qilingan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2017-yil 21-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlariga muvofiq ishlab chiqildi. 

Senatorlar "Sudlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga, Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslariga kiritilayotgan o‘zgartishlar hamda qo‘shimchalar yangi tuzilayotgan ma’muriy va iqtisodiy sudlar faoliyatining tegishli huquqiy bazasini yaratishga qaratilganligini ta’kidladilar. 

Xususan, Oliy xo‘jalik sudi va Oliy sudning birlashtirilishi, iqtisodiy sudlar tashkil etilishi, harbiy sudlarning maqomi qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi qonundan xo‘jalik sudlarining faoliyatini tartibga soluvchi normalar chiqarib tashlanmoqda, okrug harbiy sudlari va harbiy hay’atlar tugatilmoqda. 

Oliy sud tuzilmasiga ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha hay’atlar kiritilmoqda, harbiy hay’at bekor qilinmoqda. 

Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ma’muriy sudlar tasarrufidagi ish toifalarini aniq belgilab bermoqda. Bu davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, shuningdek, ular mansabdor shaxslarining ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan harakatlari (qarorlari) yuzasidan shikoyatlar va arizalar bilan bog‘liq. 

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tuzilishi munosabati bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq Kengash zimmasiga sudlar faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash funksiyalari yuklatilmoqda. Shunday tartib belgilanmoqdaki, unga ko‘ra sudya Sudyalar oliy kengashining xulosasisiz javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas. Kengash Raisiga Oliy sud Plenumi majlislarida ishtirok etish huquqi berilmoqda. 

“Sudlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq sudyalarni saylash (tayinlash), ular vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish tartibi belgilanmoqda. 

Qonunda sudya lavozimga birinchi marta besh yillik muddatni, navbatdagi o‘n yillik muddatni va sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davrini belgilash, umumiy sudyalik stajidan kelib chiqqan holda sudyalarning vakolat muddatini hisoblab chiqarish tartibi, sudlar raislarini 5-yilga saylash (tayinlash), ayni bir sudda ushbu lavozimni surunkasiga ikki muddatdan ortiq egallash mumkin emasligi nazarda tutilmoqda. 

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyalari uchun sudyalik lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 yoshni, boshqa sudlarning sudyalari uchun 65 yoshni tashkil etadi. Oliy sudning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi mamlakat Prezidenti tomonidan, boshqa sudlarning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi Sudyalar oliy kengashi tomonidan besh yilgacha uzaytirilishi mumkin. 

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi sud hokimiyatining nufuzini yanada oshirishga, chinakam mustaqilligini ta’minlashga, jismoniy va yuridik shaxslar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha sudlar faoliyatining samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Shundan so‘ng senatorlar “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tayyorlandi. 

Senatorlar ta’kidlaganlaridek, ushbu qonun sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirishga va erkinlashtirishga, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishga, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan. 

Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslariga, “Sudlar to‘g‘risida”gi va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarda qamoqqa olish tarzidagi jinoiy jazoni bekor qilish nazarda tutilmoqda, shu bilan bir vaqtda jinoiy jazolar tizimiga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo turi – “majburiy jamoat ishlari” kiritilmoqda. Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni qamoqda saqlash muddati 72 soatdan 48 soatgacha, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, shuningdek, dastlabki tergov muddatlari 12 oydan 7 oygacha qisqartirilmoqda. 

Bundan tashqari, ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yishga va murdani eksgumatsiya qilishga sanksiyalar berish huquqini prokuraturadan sudlarga berish nazarda tutilmoqda. Shunday qilib, sud ishi yurituvida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohasi kengaytirilmoqda, jinoyat jarayonida sud nazorati roli va ahamiyati kuchaytirilmoqda. Qonunga muvofiq sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni rad etishda muqobil ehtiyot choralarini qo‘llash huquqi berilmoqda. Bunda sud tomonidan qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun jinoyat ishini qaytarish instituti butunlay bekor qilinmoqda, sud tekshiruvi jarayonida kamchiliklarni to‘ldirish mexanizmlari qonun bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda. Qonunda fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddati 3-yildan 1-yilga qisqartirilmoqda. 

Qonun bilan viloyat darajasidagi jinoiy va fuqarolik ishlarini sudlar tomonidan ko‘rib chiqish institutini bekor qilishni, nazorat tartibida protest keltirish bo‘yicha sudlarning tegishli raislari va prokurorlari vakolatlarini istisno etishni nazarda tutuvchi tegishli tuzatishlar kiritildi. Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosatining ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqishga doir bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilindi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar. 

Qonun bilan “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi hamda boshqa qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Senatorlar ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar litsenziyalarni va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni qayta rasmiylashtirish tartibini soddalashtirishga hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish sohasini huquqiy tartibga solishda noaniqliklarni bartaraf etishga qaratilganligini ta’kidladilar. 

Masalan, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini rag‘batlantirish va ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish uchun qonunda litsenziatlar va tadbirkorlik subyektlari – faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziyaga hamda ayni bir harakatni va (yoki) faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarga ega yuridik shaxslar qo‘shib yuborilgan taqdirda faqat bitta litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni qayta rasmiylashtirish nazarda tutilmoqda. Amaldagi qonun hujjatlarida ushbu masalalarning tartibga solinmaganligi huquqni qo‘llash amaliyotida huquqiy noaniqlik keltirib chiqarar va litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalovchi organlar tomonidan subyektiv talqin qilinishiga sabab bo‘lardi. 

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2016-yil 9-fevralda qabul qilingan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq qonun hujjatlariga yangi – “oziq-ovqat xavfsizligi” tushunchasi kiritilmoqda, bu sohadagi huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar mustahkamlanmoqda. 

Bundan tashqari, ushbu qonun bilan Fuqarolik kodeksiga, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq “soxta mahsulot” tushunchasiga aniq ta’rif berilmoqda, insofsiz raqobat turlariga aniqlik kiritilmoqda, tovar belgisidan foydalanish (foydalanmaslik), tovarni tovar belgisiga o‘xshash bo‘lgan belgidan qonunga xilof ravishda foydalanish orqali realizatsiya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlarni va bu sohadagi boshqa munosabatlarni tartibga solishning samaraliroq mexanizmlari belgilanmoqda. 

Shuningdek, "Chet el investitsiyalari to‘g‘risida"gi, “Soliq maslahati to‘g‘risida”gi qonunlarga, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga va Soliq kodeksiga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Jumladan, kiritilgan o‘zgartishlarda chet el investitsiyalari ishtirokidagi yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalariga o‘zlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanada amalda bo‘lgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran besh yil ichida qo‘llash huquqi berilishi nazarda tutilmoqda (bundan resurs va bojxona bojlari mustasno). Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq tadbirkorlik subyektlari hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risida ariza berganda sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmoqda. 

Shuningdek, qonunda soliq maslahatchilari tashkilotlari faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari ham nazarda tutilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi shartnomani (Moskva, 2016-yil 29-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi bitimni (Toshkent, 2016-yil 17-oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik institutini ta’sis etish to‘g‘risidagi bitimni (Islomobod, 2016-yil 26 oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ko‘rib chiqdilar va ma’qulladilar. 

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2016-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar. 

Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining hisobotida qayd etilganidek, Ombudsmanning 2016-yildagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar rioya etayotganligini nazorat qilish samaradorligini oshirishga qaratildi. Jumladan, inson huquqlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga va uni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirishga, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratildi. 

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun loyihalariga hamda bir qator boshqa qonun hujjatlariga takliflar kiritildi. Ombudsman vakillari O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Ombudsman institutini tashkil etishga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tashkil etilgan ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etdilar. 

O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet davlatlar fuqarolarining, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslarning qariyb uch mingta murojaati Ombudsman tomonidan parlament nazorati subyekti sifatida ko‘rib chiqildi hamda hal etildi. 

Muhokama davomida senatorlar tomonidan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni hal etish bo‘yicha Ombudsman ishlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar va tavsiyalar berildi. 

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2016-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitishga kirishdilar. 

Hisobotda qayd etilganidek, 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2016-yildagi iqtisodiy dasturning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida davlatimiz rahbarining ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan hisobot yilida nazorat ishlarining yillik dasturi ishlab chiqildi va amalga oshirildi. O‘tgan yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda Senati, Vazirlar Mahkamasi va huquqni muhofaza qilish organlari bilan yaqin hamkorlikda 25 ta yo‘nalish bo‘yicha 131 ta obyektda nazorat tadbirlari o‘tkazildi. 

Hisob palatasi tomonidan 2015-yilgi Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobot tashqi auditdan o‘tkazildi va baholandi, 2017-yilga mo‘ljallangan soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda Davlat byudjetining loyihasi ekspertizadan o‘tkazildi. Hududlar miqyosida ham respublika Davlat byudjetini shakllantirish va ijrosini ta’minlash nazorat qilindi, byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlar misolida ulardan foydalanishning qonuniyligi, maqsadli yo‘naltirilganligi hamda samarali ekanligi tekshirildi. 

Nazorat tadbirlarining natijalari bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va hokimliklarga 19 ta yozma ko‘rsatma yuborildi. Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar foydasiga 86 milliard 643 million so‘m miqdorida yetkazilgan zarar undirildi. 

Bundan tashqari, hisobot davrida Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati bilan hamkorlikda joylarda qonun hujjatlarining ijrosi, moliya-byudjet intizomiga rioya etilishining ahvoli o‘rganildi. Samarqand viloyati mahalliy byudjeti ijrosini o‘rganish natijalari xalq deputatlarining viloyat Kengashi sessiyasida har taraflama muhokama etildi. Uning ishida Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari faol ishtirok etdilar. 

Hisob palatasi hisobotini ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra senatorlar uning faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirdilar. 

Shundan so‘ng, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2016-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tingladilar. 

Hisobotda qayd etilganidek, Markaziy bankning 2016-yildagi faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2015-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2016-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida belgilangan vazifalarni hamda Markaziy bankning avvalgi hisobotlari yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlarida qayd etilgan vazifalarni so‘zsiz bajarishga qaratildi. 

Bank tizimi kapitallashuvi darajasini oshirish, uning likvidligini va barqarorligini yanada mustahkamlash yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida tijorat banklarining umumiy kapitali 20,2 foizga ko‘paydi va 9,35 trillion so‘mni tashkil etdi. 2016-yil yakunlariga ko‘ra bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi xalqaro Bazel qo‘mitasi tomonidan belgilangan xalqaro standartlardan deyarli 3 baravar, uning likvidligi esa eng yuqori indikator baholardan 2 baravar yuqori bo‘ldi. Banklar depozitlari hajmining 25,2 foizga oshishi ta’minlandi, bu esa banklar aktivlari hajmlarining 23,3 foizga oshishiga olib keldi. 

Hisobot yilida tijorat banklari tomonidan investitsiya loyihalarini bajarish uchun 12,2 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratildi, bu esa 2015-yilga nisbatan 1,2 baravar ko‘proqdir. 

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir kredit siyosati sezilarli darajada takomillashtirildi. Ularga davlatimiz tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 2015-yilga nisbatan 1,3 baravar oshdi va 15,8 trillion so‘mni, shu jumladan mikrokreditlar 3,3 trillion so‘mni tashkil etdi. Tijorat banklari tomonidan kollejlarning bitiruvchilariga o‘z biznesini tashkil etishi uchun qariyb 362,1 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar berildi, bu esa 2015-yildagidan 1,3 baravar ko‘proqdir. 

2016-yilda bank tizimining faoliyati iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlashga va aholi farovonligi yanada oshirilishini ta’minlashga ko‘maklashdi. “Mudis” reyting agentligi surunkasiga yetti yildan beri O‘zbekiston bank tizimiga “barqaror” reytingi bahosini bermoqda. 

Hisobotni muhokama etish chog‘ida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar va tavsiyalarni bildirdilar. Xususan, bank-moliya tizimining barqarorligini saqlash, omonatchilar, qarzdorlar va kreditorlar manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash maqsadida banklar va boshqa moliyaviy muassasalar faoliyatini nazorat qilish samaradorligini oshirishga doir ishlarni kuchaytirish tavsiya etildi. Uy xo‘jaliklariga mamlakat aholisini tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish uchun imtiyozli mikrokreditlar berish, respublika hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilayotgan loyihalarni moliyalashtirish ko‘lamlari va hajmlarini kengaytirish borasidagi ishlarni ko‘chaytirish lozimligi qayd etildi. Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda, 2017-yilning yanvar oyida Hukumatning kengaytirilgan majlisidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzalarida bank tizimi oldiga qo‘yilgan vazifalarning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladilar.

Hisobotlarni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi. 

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to‘qqizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi. 

 

O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati