Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti qoshidagi 2-akademik litseyda yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi huquqbuzarlik, giyohvandlik, axloqsizlik kabi illatlarni bartaraf etishning samarali yo‘llariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Transportdagi ichki ishlar boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, pedagoglar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etgan tadbirda voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarlikning oldini olish, yoshlarning huquqiy madaniyatini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularga jahon andozalari darajasida ta’lim berishga xizmat qilmoqda.
Ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va rag‘bat yoshlar zimmasiga yetuk mutaxassis, kasb-hunar egasi bo‘lishni yuklash bilan birga, atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmasdan, diniy ekstremizm, terrorizm, “ommaviy madaniyat”, giyohvandlik kabi illatlarga qarshi kurashishni ham talab etadi.
– Bilimga chanqoq, intizomli yoshlar bilan har qancha faxrlansak arziydi, – deydi Transportdagi ichki ishlar boshqarmasi inson huquqlarini himoya qilish va yuridik taminlash bo‘linmasi inspektori Otabek Akbarov. – Lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ular orasida darsga kelsa-da, belgilangan tartib-qoidaga amal qilmaydiganlari ham uchrab turadi. Profilaktika tadbiri davomida ayrim o‘smirlarning uyali telefonidan milliy turmush tarzimizga zid, behayo lavhalar topildi, darslarga kechikish holatlari uchradi. Ular o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Mazkur akademik litseyda to‘rt yuzdan ortiq o‘g‘il-qiz ta’lim olmoqda. Profilaktika tadbirida bir o‘quvchi darsga muntazam qatnashmayotgani, o‘n to‘rt o‘quvchi ta’lim muassasasida belgilangan tartib-intizom qoidalarini buzganligi aniqlandi. Tadbirda ana shunday o‘quvchilar bilan suhbat o‘tkazilib, bu kabi salbiy holatlar takrorlansa, ularga akademik litsey ma’muriyati, ichki ishlar idoralari tomonidan tegishli choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.