Mahallaning har bir ko‘chasi, yo‘lagi, maydonlari, uylari xuddi kaftdagidek ko‘rinib turgan videokuzatuv markazi orqali ekranda gulga kirgan dov-daraxtlar, ularning atrofida kuymalanib bahorgi yumushlarni bajarayotgan otaxonlar ko‘zga tashlanadi. Ko‘p qavatli uylar oldida qo‘llariga supurgi tutgan qizaloqlar, ularga yo‘l-yo‘riq berayotgan onaxonlarni ko‘rish mumkin. Qaysidir uy oldida o‘rnatilgan doshqozonga kimdir o‘tin qalagan. Hoynahoy bu yerda sumalak pishirilsa kerak...
Ha, Navro‘z shukuhi kezib yurgan tinch va osoyishta mamlakatimizda xalqimiz obodonlik, bunyodkorlik ishlari bilan band. Ostonalari obod uylar yurtimizga qanchalik ko‘rk bag‘ishlasa, uni amalda ro‘yobga chiqarayotganlar haqiqiy vatanparvarlardir. Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Uvaysiy nomidagi mahallada ana shunday odamlar istiqomat qilishiga guvoh bo‘ldik.
Zaminga oqshom cho‘kkanida hamma yoq suv quygandek jimjit bo‘lib qoladi. Mazkur mahalla profilaktika katta inspektori Dilshod Zokirov ko‘proq shunday paytda videokuzatuv moslamalari ulangan ekrandan ko‘z uzmaslikka harakat qiladi. Chunki jinoyatchilar ko‘proq kechasi, ko‘chada hech kim yo‘qligida maqsadini amalga oshirishi sir emas. Kunlarning birida yarim tunda mahalla chekkasida bir-ikki shubhali shaxs ko‘zga tashlandi. Profilaktika inspektorining mahalla posbonlarini jalb qilgan holda tezkor chora ko‘rgani tufayli ular qo‘lga olindi. Surishtiruv jarayonida bu shaxslar qo‘shni mahallada o‘g‘rilik jinoyati sodir etgani ayon bo‘ldi.
– Mazkur mahallada joriy yilda birorta ham jinoyat sodir etilmadi, – deydi Yunusobod tumani ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ne’matilla Haydarov. – Bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda profilaktik chora-tadbirlar kuchaytirilgani, payshanba kunlari profilaktika tadbirlari o‘tkazilayotganining ahamiyati beqiyos. Profilaktika inspektorlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar ham tobora yaxshilanmoqda. 447-militsiya tayanch punkti joylashgan mazkur mahallada profilaktika inspektorlari mahalla faollari bilan bir binoda, hamjihatlikda ish olib borayotgani ishlar samarasini oshirmoqda.
Uvaysiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilshod Mahbubovning aytishicha, davlatimiz rahbarining mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarini zamon talablari asosida bunyod etishga oid g‘oyasi asosida bu maskan homiylar ko‘magida bunyod etilgan. Zamonaviy uslubda barpo etilgan mahalla guzarida nafaqat mahalla faollari, profilaktika inspektori, balki mahalla ahli uchun barcha zarur qulayliklar yaratilgan. Yoshlar uning kutubxonasidan foydalansa, nuroniylar guzar hovlisida bir piyola choy ustida suhbat quradi.
Profilaktika kuni munosabati bilan mazkur mahallada pasport-viza qoidalariga rioya etish ahvoli o‘rganildi. Ko‘p qavatli 5-uydagi xonadonlarda yashovchilarning hujjatlari ko‘zdan kechirilar ekan, aholining pasportlarni zudlik bilan ichki ishlar organi xodimiga taqdim etishi, zarur ma’lumotlarni ma’lum qilishi e’tiborimizni tortdi. Bu ularning yurtimiz osoyishtaligi mustahkamlanishiga befarq emasligi, hushyorligi oshganidan dalolatdir. Yuzdan ortiq xonadonli mazkur uyda ro‘yxatdan o‘tmasdan istiqomat qilayotgan faqat bir fuqaro aniqlandi. Unga shu joyning o‘zida eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga oid hujjat rasmiylashtirildi. Xonadon egasiga ham qonuniy chora ko‘rildi.
Bahorgi ta’tilda o‘quvchilarning vaqtini mazmunli o‘tkazish profilaktik tadbirlardan eng muhimi sanaladi. Shu maqsadda tumandagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabida maktab o‘quvchilari o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etilmoqda.
Bolalarning tungi vaqtda ko‘ngilochar maskanlarda bo‘lishining oldini olishga qaratilgan tezkor tadbirlar o‘z samarasini bera boshladi. Internet-kafelarda muntazam tashkil etilgan reydlar natijasida nafaqat ota-onalar, balki tadbirkorlik subyektlari rahbarlarining javobgarlikka tortilgani, bu holatlar jamoatchilik o‘rtasida muhokama etilgani o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Keyingi ikki hafta mobaynida bolalarning qarovsiz yurishidek nomaqbul holat umuman aniqlanmagani shuni ko‘rsatib turibdi.
Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida davomat tadbirlari izchil olib borilmoqda. Ko‘rilayotgan ta’sir choralariga qaramay ayrim o‘quv maskanlarida o‘quvchilarning darsga kelishida oqsoqlik kuzatilmoqda. Toshkent turizm kasb-hunar kollejidamiz. Bugungi davomat 91 foizni tashkil etishi aniqlandi. 135 o‘quvchi darsga kelmagan. Tuman ichki ishlar boshqarmasi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspektorlari, kollej o‘qituvchilari darsga kelmagan o‘quvchilarning ota-onalari bilan bog‘lanish, o‘quvchilarning qayerda ekanini surishtirishga tushib ketdi. O‘nlab odamning shunday ish bilan shug‘ullanishi, boshqa asosiy ishlari qolib ketayotgani odamni taajjubga soladi. Beixtiyor har bir o‘quvchi zimmasidagi mas’uliyatni his etib, darsga vaqtida kelsa, yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib yaxshi mutaxassis bo‘lishga intilsa bo‘lmaydimi, degan savol paydo bo‘ladi.
Profilaktika kunida tumandagi Sobirobod mahallasida mamlakatimizda taqiqlangan tashkilotlarga aloqadorlikda gumon qilingan ayolning qilmishi muhokama etildi. Mahalla ahli ayolga qilmishining mohiyatini ochib berishga harakat qildi. Qalb ko‘zlari birovlarning ig‘vosi bilan xira tortgan ayol o‘ziga kelganday bo‘ldi. Uning qo‘ni-qo‘shnilaridan yig‘lab kechirim so‘ray boshlagani shundan dalolat edi.
Kun davomida tumandagi boshqa mahallalarda yong‘inlarning oldini olish, yo‘l harakati qoidalariga rioya etish, qo‘riqlash xizmati imkoniyatlaridan foydalanish bilan bog‘liq targ‘ibot tadbirlari ham o‘tkazildi.
Profilaktika kuni munosabati bilan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida o‘tkazilgan brifingda o‘tgan hafta davomida poytaxtimizda 19 jinoyat fosh etilgani ma’lum qilindi. Qidiruvda yurgan 33 shaxs qo‘lga olingan. Yo‘llarda transport vositalari bilan bilan bog‘liq qoidabuzarliklar 29 mingdan oshgan. Lekin yo‘l-transport hodisalari soni oldingi haftaga nisbatan ikki baravarga kamaygan.