O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida muloqotni davom ettirdilar.
Unda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatlarimiz hamkorligi 1998-yilda Toshkentda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, 2013-yilda poytaxtimizda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma asosida jadal taraqqiy etmoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston siyosiy masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ikki tomonlama asosda hamda BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha tomonlarning qarash va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqindir.
O‘zbekiston Qozog‘istonning 2017-2018-yillarda BMT Xavfsizlik kengashiga muvaqqat a’zolikka saylanishini qo‘llab-quvvatladi. Bu xalqaro maydonda butun mintaqamiz davlatlari manfaatlarini himoyalash imkonini beradi. Qozog‘iston O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan, mamlakatimizning hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatini yuqori baholaydi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston mustaqil taraqqiyot yo‘lini bir davrda boshlagan. Iqtisodiyotni qayta tiklash va rivojlantirish yo‘lida bir-biriga yelkadosh bo‘lib kelmoqda.
Bugun ikki mamlakat ham o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqildi. Prezident Nursulton Nazarboyevning Qozog‘iston xalqiga joriy yilgi murojaatida Qozog‘istonni modernizatsiya qilishning uchinchi bosqichi belgilab berildi.
Qozog‘iston mamlakatimizning muhim savdo-iqtisodiy sheriklaridan biridir. O‘zbekiston Qozog‘istonga tabiiy gaz, avtomobillar, transport vositalari, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik, elektrotexnika va qurilish materiallari, meva-sabzavot va boshqa ko‘plab tovarlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Qozog‘istondan yurtimizga neft, metall, un, yog‘-moy mahsulotlari keltiriladi.
Mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokida tuzilgan qariyb 230, Qozog‘istonda O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 130 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda.
2016-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard AQSh dollarini tashkil qildi. Bu ikki tomonning salohiyatiga mos emasligi, savdo aylanmasini kamida ikki barobar oshirish imkoniyati mavjudligi alohida ta’kidlandi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti raqobatchi emas, aksincha, bir-birini to‘ldiradi. Buning uchun hukumatlararo komissiya va qo‘shma savdo uylari faoliyatini kengaytirish, yangi ta’minot bozorlari tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Transport kommunikatsiyalari sohasi o‘zaro hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashgan. Bu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda.
Qozog‘istonning Maqtaaral tumani hududidan o‘tgan, Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi avtomobil yo‘lining ochilishi, Toshkent – Olmaota tezyurar poyezdi va ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgani transport kommunikatsiyalari tarmog‘ini yanada kengaytiradi. Hududlararo aloqalar savdo va turizm rivojiga xizmat qiladi.
Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan muzokarada o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari belgilab olindi. Savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasini saqlab qolgan holda uni diversifikatsiya qilish, eksport-import hajmi va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat va tadbirkorlik subyektlari kooperatsiyasini rivojlantirishga kelishib olindi.