Harakatlar strategiyasi o‘rganilmoqda
Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi bilan hamkorlikda Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonining mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti prorektori D.Baratov va boshqalar mazkur huquqiy hujjatning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan, besh yilga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish barchamizga yanada katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Muxtorov. – Zotan, mazkur dasturiy hujjatni hayotga tatbiq qilish mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy jabhalarini tubdan o‘zgartiradi.
Yoshlarning mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarga munosabatini shakllantirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularning ongiga olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyatini yetkazish hamda faol fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish masalalari tadbir ishtirokchilari diqqat-e’tiborida bo‘ldi.
Davra suhbatida Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalari oldida turgan muhim vazifalarning samarali ijrosini ta’minlash mexanizmlari haqida fikr almashildi. Talabalarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berdi.