Banklar aholini tadbirkorlikka undamoqda
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
– Bankimizga 915 aholi punktida yashovchi bir millionga yaqin xonadon biriktirilgan, – deydi Milliy bankning loyihalarni moliyalash markazi direktori o‘rinbosari B.Jalilov. – 1-aprelga qadar barcha xonadonlarni o‘rganish ishlari yakunlandi. Bundan tashqari, aholini ish bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida hududlarda yengil sanoat va farmatsevtika sohasida yangi korxonalarni tashkil etish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport loyihalarini moliyalashtirish, maishiy chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini barpo qilish borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
– Yanvar oyining oxirida mazkur bank filialidan 14 million so‘m sarmoya oldik, – deydi poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Yuqori Sebzor mahallasida yashovchi Dilfuza Qudratova. – Mazkur mablag‘ evaziga uy sharoitida shirinliklar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. Ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Jamg‘arma xo‘jalik subyektlari eksportiga ko‘maklashish uchun tadbirkorlarga tashqi bozorlarni o‘rganish va chet ellik sheriklarni topish, xalqaro tender savdolarida ishtirok etish, eksport shartnomalari tuzish, xalqaro sertifikatlar, ruxsat berishga oid hujjatlarni olish hamda bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha yordamlashmoqda.
Matbuot anjumanida hududlarda aholini ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan, yengil sanoat sohasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va logistika markazlarini tashkil etish va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.