Deputat va senatorlar Jondor tumanida aholini qiynayotgan muammolarni o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari mart oyining dastlabki o‘n kunida Buxoro viloyati Jondor tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi ishlarni o‘rgandi.
O‘rganish yakunlari xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiy infratuzilma va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, moliya-kredit tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etish, aholi bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Deputatlar va senatorlar joylarga chiqib, xalq bilan muloqot qildi, hududlarda islohotlarning borishini o‘rgandi. Tumanda turli sohalarda muayyan yutuqlarga erishilgan, ayniqsa, tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor o‘z samarasini berayotir. Amalga oshirilgan turli loyihalar natijasida 2015-yilda tuman o‘z xarajatlarini qoplab, subvensiya oladigan hududlar ro‘yxatidan chiqishiga erishilgan.
Ammo qator kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilmoqda, muammolar to‘la yechim topmayotir. Bu ayniqsa, o‘rganish jarayonida 550 dan ortiq xonadonda aholi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda yaqqol ko‘zga tashlandi. Muloqotlarda fuqarolar tomonidan 330 ga yaqin muammo ko‘tarildi. Ichki xo‘jalik yo‘llarining ta’mirga muhtojligi, joylarda mahsulot plastik kartochka orqali yuqori narxlarda sotilayotgani, ishsizlik, ayrim qishloq vrachlik punktlarida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati talab darajasida emasligi, noqonuniy chiqindixonalar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilayotgani, suyultirilgan gaz ballonlari iste’molchilarga o‘z vaqtida yetkazilmasligi shular jumlasidandir.
O‘rganish davomida ko‘tarilgan ayrim muammolar joyida hal etildi. Masalan, “Po‘loti” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi N.Boymurodovga qoramol parvarishi bilan shug‘ullanishi uchun bank krediti ajratilishiga ko‘maklashildi. O‘ndan ziyod fuqaro ishga joylashtirildi.
Sessiyada ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish, ularga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli bank kreditlari ajratish, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi kamchiliklar, yangi dehqon, buyum va hunarmandlik bozorlari qurilishi muammosini bartaraf etishga jiddiy e’tibor qaratildi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ularning o‘z vakolatlarini amalga oshirish ishlari samaradorligi masalasi ham tanqidiy baholandi. Ko‘pgina mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlarida masalaga yuzaki yondashilmoqda. Masalan, ular o‘tgan yili o‘z yig‘ilishlarida tuman bandlikka ko‘maklashish markazi, tibbiyot, xalq ta’limi, kommunal xizmat tizimlari rahbarlarining hisobotlari eshitilgani haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishgan bo‘lsa-da, o‘rganish davrida bunday amaliyot yo‘lga qo‘yilmagani aniqlandi. Holbuki, mutasaddilar hisobotini tinglash va muhokama etish e’tirozlarga sabab bo‘layotgan ayrim muammolar yechimini topishga xizmat qilgan bo‘lardi.
Sessiyada xalq deputatlari tuman Kengashining faoliyatini o‘rganish yakunlari ham muhokama qilindi. Vakillik organi o‘z sessiyalarida ko‘plab masalalarni ko‘rib chiqqan. Lekin ular orasida umumiy xarakterga egalari ham bor. Buning ustiga tuman Kengashi sessiyasida birorta ham qonun ijrosi o‘rganib chiqilmagan. Tadbirda bunday salbiy holatlar takrorlanishining oldini olish bo‘yicha topshiriq va tavsiyalar berildi.
– O‘rganish natijalari muhokamasi biz uchun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari, fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlash, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat va hududiy dasturlari ijrosiga alohida e’tibor qaratish, deputatlarning turli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini mustahkamlashda mas’uliyatni yanada oshirish, o‘z faoliyatimizni tanqidiy baholashga undadi, – deydi xalq deputatlari tuman Kengashi deputati, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi J.Ashurov, – Biz sessiyada ko‘tarilgan masalalar yechimini topishda jamoatchilik nazorati imkoniyatlaridan keng foydalanamiz.
Sessiyada Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi.