Mini-futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi joriy yilning 16-26-may kunlari Tailandda yigirma yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoalar o‘rtasida o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Poytaxtimizdagi "O‘zbekiston" sport majmuasida tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashayotgan terma jamoamiz a’zolari Qirg‘iziston yoshlar terma jamoasi bilan ikkita o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi.
Keskin va murosasiz kechgan dastlabki o‘yinda yoshlarimiz raqiblarini 5:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Terma jamoamizga g‘alaba keltirgan gollarga Ravshan Ismatullayev, Xushnur Erkinov, Aliakbar Bayburin, Asli Muhammadiyev va Akbar Usmonov mualliflik qildi.
Qiziqarli va gollarga boy o‘tgan ikkinchi bahsda terma jamoalar 4:4 hisobida durang o‘ynadi. Ushbu uchrashuvda Xushnur Erkinov, Olim Vohidov, Akbar Usmonov va Temur Saydullayev raqib darvozasiga bittadan to‘p kiritdi.
Manba: O'zA