HISOBLAGIChLARNI QIYoSLAShDAN O‘TKAZAMIZ!

TALABLAR va ShARTLAR NIMALARDAN IBORAT?

Hisoblagichlarni qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish kimning zimmasida? Iste’molchiningmi yoki ta’minotchining? Qancha muddatda o‘tkazish kerak va bu haqda qayerdan bilish mumkin? Aholining kommunal xizmatlardan yuzaga kelayotgan qarzdorliklariga ana shu holat, ya’ni hisoblagichlarni qiyoslov ko‘rigidan o‘z vaqtida o‘tkazilmayotganligi ham sabab bo‘layotganiga ko‘p bor guvoh bo‘lyapmiz. Iste’molchi sifatida bilishingiz lozim bo‘lgan bu boradagi savollarga "O‘zstandart" agentligi Metrologiya xizmati ko‘rsatish markazi mutaxassislari javob berishadi.

QIYoSLASh NIMA UChUN?

D.INOG‘OMJONOV, "Metrologiya xizmati ko‘rsatish markazi" Davlat korxonasi 1-toifali mutaxassisi:

— O‘zbekiston Respub­likasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doiralarda foydalaniladigan, ishlab chiqarilishi va import bo‘yicha chetdan olib kelinishi lozim bo‘lgan o‘lchov vositalari davlat sinovlaridan (keyinchalik ularning turini tasdiqlash sharti bilan) yoki metrologik attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, davlat metrologiya tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doiralarida foydalaniladigan o‘lchash vositalari metrologik tekshiruvdan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim. 

O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat reyestriga kiritilgan hamda davlat metrologik tekshiruvi va nazorati tatbiq etiladigan doiralarda qo‘llanilib kelinayotgan gazni hisobga olish priborlari davriy qiyoslash o‘tkazilganidan so‘ng foydalanishga yo‘l quyiladi.

O‘TKAZISh TARTIBI QANDAY?

— Aksariyat iste’molchilar hisoblash priborlari ta’minotchi tomonidan qiyoslovdan o‘tkazib berilishi kerak, degan tushuncha bilan qiyoslashdan o‘tkazish muddati o‘tib ketganini anglamay qolishadi. Masalan, tahririyatga bo‘lgan murojaatlardan tabiiy gaz sarfi uchun hisob-kitobni amalga oshirish chog‘ida aksariyat hollarda gazni hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazishning muddati o‘tib ketganligi sabab qarzdorliklar yuzaga kelganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz...

— Gazni hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014 yil 31 iyulda 2604-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Gazni hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomi”ga muvofiq tartib solinadi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 4 mayda 2782-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Tekshiruvdan (qiyoslashdan) o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxati”ga muvofiq gazni hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish oralig‘i jismoniy shaxslar uchun 4 yilda 1 marta, yuridik shaxslar uchun esa 2 yilda 1 marta tashkil qiladi. Birlamchi tekshiruvdan o‘tkazilganligi haqida belgi mavjud bo‘lganda, ularning natijasi tekshiruvdan o‘tkazilgan sanadan boshlab 4 yil yoki 2 yil muddatga tan olinadi. Endi gazni hisobga olish priborini qiyoslashdan o‘tkazish uchun yechish masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, HUDUDIY GAZ TA’MINOTI KORXONASI gazni hisobga olish priborini qiyoslash muddati tugashidan O‘TTIZ KUN OLDIN iste’molchini davriy qiyoslashdan o‘tkazish zarurligi haqida ogohlantirish uchun MAS’ULdir.

Gazni hisobga olish moslamasini qiyoslashdan o‘tkazish uchun 5 qadam

1. Iste’molchi gazni hisobga olish priborini qiyos­lashdan o‘tkazish uchun uni yechishni so‘rab hududiy gaz ta’minoti korxonasiga ariza bilan murojaat qiladi.

2. Hududiy gaz ta’minoti korxonasining mutaxassisi arizaga asosan (besh ish kuni ichida) gazni hisobga olish priborini qiyoslashdan o‘tkazish uchun iste’molchi ishtirokida yechib oladi va ikki nusxada yechib olinganligi to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtiradi. Dalolatnomaning bir nusxasi gazni hisobga olish pribori bilan birga iste’molchiga taqdim etadi.

3. Iste’molchining xohishiga ko‘ra uni gaz tarmog‘iga gazni hisobga olish priborisiz ulaydi yoki vaqtincha tarmoqdan uzib qo‘yadi. Iste’molchi gazni hisobga olish priborisiz gaz tarmog‘iga ulangan taqdirda, foydalanilgan gaz uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda to‘lov amalga oshiriladi.

4. Iste’molchi gazni hisobga olish priborini va gazni hisobga olish priborining yechib olinganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma nusxasini qiyoslashdan o‘tkazish uchun davlat metrologiya xizmati organiga topshiradi. Gazni hisobga olish pribori qiyoslashdan o‘tkazish uchun qabul qilinganda, manfaatdor shaxs va davlat metrologiya xizmati organi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan (uch kun ichida) qiyoslashdan o‘tkaziladi.

5. Gazni hisobga olish priborini qiyoslashdan o‘tkazish natijasi ijobiy bo‘lgan taqdirda yaroqli deb topiladi va qiyoslashdan o‘tkazilganligi haqida sertifikat rasmiylashtirilib, hisoblash mexanizmi va sozlash elementiga tashqi ta’sirlar qilinishini oldini olish maqsadida davlat metrologiya xizmati organi tomonidan plombalanadi.

YaROQSIZ DEB TOPILSA, NIMA BO‘LADI?

— Gazni hisobga olish priborini qiyoslashdan o‘tkazish natijasi salbiy bo‘lgan taqdirda, gazni hisobga olish pribori foydalanishga yaroqsiz deb topiladi va yaroqsizligi haqida xabarnoma beriladi. Gazni hisobga olish pribori yaroqsiz deb topilgan taqdirda, iste’molchi uni ta’mirlash uchun ta’mirlash tashkilotlariga topshirishi yoki O‘zbekiston Respublikasi O‘lchov vositalari davlat reyestriga kiritilgan va qiyoslashdan o‘tkazilgan boshqa gazni hisobga olish priboridan foydalanishi mumkin. Gazni hisobga olish priborini ta’mirlash tashkiloti tomonidan texnik tekshiruvdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha ikki nusxada dalolatnoma tuziladi va uning bir nusxasi iste’molchiga beriladi. Davlat metrologiya xizmati organining mas’ul xodimi ta’mirlangan gazni hisobga olish priborlarini ta’mirlashdan so‘ng qiyoslashdan o‘tkazadi, qiyoslash natijasi ijobiy bo‘lgan taqdirda, yaroqliligi haqida sertifikat rasmiylashtiradi va plombalaydi.

KIM O‘RNATIB BERADI VA NEChA KUNDA?

— Iste’molchi qiyoslashdan o‘tkazilgan gazni hisobga olish priborini o‘rnatish uchun tegishli hududdagi gaz ta’minoti korxonasiga ariza bilan murojaat qiladi va arizaga muvofiq tegishli hududdagi gaz ta’minoti korxonasi vakili ikki kun ichida gazni hisobga olish priborini o‘rnatib berishi lozim. Tegishli hududdagi gaz ta’minoti korxonasining mutaxassisi gazni hisobga olish priborini o‘rnatishdan oldin qiyoslashdan o‘tkazilganligi haqidagi sertifikatning mavjudligi va plombalarining butligini tekshiradi. Tegishli hudud­dagi gaz ta’minoti korxonasi mutaxassisi gazni hisobga olish priborini o‘rnatgandan so‘ng iste’molchini gaz tarmog‘iga ulash shtutserlarini plombalaydi va ikki nusxada gazni hisobga olish priborini o‘rnatilganligi haqida dalolatnoma tuzadi hamda dalolatnomaning bir nusxasini iste’molchiga taqdim etadi.Gazni hisobga olish pribori o‘rnatilgandan so‘ng ro‘yxatga olinadi va foydalanilgan gaz gazni hisobga olish priborining ko‘rsatkichiga muvofiq hisoblanadi.

ISSIQ VA SOVUQ SUV HISOBLAGIChLARNI QIYoSLASh-ChI?

— O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat reyest­riga ki­ritilgan hamda davlat metrologik tekshiruvi va nazorati tat­biq etiladigan doiralarda qo‘llanilib kelinayotgan issiq va sovuq suv hisoblagichlar davriy qiyoslash o‘tkazilganidan so‘ng foydalanishga yo‘l qo‘yiladi. Suv hisoblagichlarni qi­yos­­l­ashdan o‘tkazish uchun yechish, qiyoslashdan o‘tkazishga topshi­rish, qiyoslash va ta’mirlash, qiyoslashdan o‘tkazilgan suv hi­sob­lagichlarini o‘rnatish ham xuddi gazni hisobga olish pri­borlariniki kabi tartibda amalga oshiriladi. Muddatlari ham xuddi gazni hisobga olish priborlariniki kabi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 4 mayda 2782-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Tekshiruvdan (qiyoslashdan) o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalari tur­kumlarining ro‘yxati”ga muvofiq gazni hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish oralig‘i jismoniy shaxslar uchun 4 yilda 1 marta, yuridik shaxslar uchun esa 2 yilda 1 marta tashkil qiladi.

NARXLAR QANDAY?

— Maishiy elektr, gaz va suv hisoblagichlarini Davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazishda belgilangan narxlar Toshkent shahri bo‘yicha quyidagicha:

Maishiy gaz hisoblagichlarini qiyoslash narxi –    4 260 so‘m.

Maishiy suv hisoblagichlarini qiyoslash narxi – 5 964 so‘m.

Bir fazali elektr hisoblagichlarni qiyoslash narxi –         25 979 so‘m 40 tiyin.

UNUTMANG!

— Respublikamizda faqat “O‘zstandart” agentligi tizimidagi korxonalargina maishiy hisoblagichlarni qat’iy belgilangan narxlarda davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish huquqiga ega. “O‘zstandart” agentligi xodimlari xonadonlarda yurib, qiyoslash ishlarini olib bormaydilar! Ta’mirlash bilan bog‘liq masalalar “O‘zstandart” agentligi vakolatiga kirmaydi, o‘z navbatida ta’mirlash korxonalari hisoblagichlarni davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish huquqiga ega emas.

Darakchi gazetasi muxbiri Barno MADALIYeVA tayyorladi