Qarshida bo‘lib o‘tgan innovatsion yarmarkada 1,5 milliard so‘mlikdan ziyod shartnomalar imzolandi
Qarshi davlat universitetida innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Birinchi Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi hamda joriy yilda bo‘lib o‘tadigan X innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari hamda boshqa idoralar tasarrufidagi ilmiy, ilmiy-tadqiqot, oliy ta’lim va tajriba-konstruktorlik tashkilotlarining 300 ga yaqin texnologik ishlanmalari namoyish etildi.
Viloyat iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqqan holda taqdim etilayotgan loyihalarning asosiy qismi sanoat sohasiga to‘g‘ri keladi. Masalan, energiya va resurstejamkor texnologiyalar, ekologiya, quyosh va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, binolarni lokal isitish va yoritish tizimlari, chiqindilarni qayta ishlash, oziq-ovqat ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalari, mahalliy xomashyo asosida yangi mahsulotlar tayyorlash kabi ishlanmalar shular jumlasidandir. Yaqinda Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu borada hududning imkoniyatlari keng ekani va undan oqilona foydalanish nafaqat viloyat, balki butun mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Yarmarkaga mashina detallarining yeyilish va zanglashga bardoshliligini oshirish bo‘yicha loyihamni taqdim etdim, – deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti o‘qituvchisi O‘.Boynazarov. – Ushbu texnologiya tabiiy og‘ir sharoitda ishlaydigan barcha sohalardagi texnika va mexanizmlarga mo‘ljallangan. Bunga detalni ishlab chiqarish jarayonida oldindan va so‘nggi bosqichda oksidlash va azotlash orqali erishiladi. Ushbu texnologiya asosida tormoz silindrlari shtoki, vall va konstruksion po‘latdan tayyorlanadigan boshqa detallarning yuzalari mustahkamlanadi.
Tadbirda viloyatdagi fermer xo‘jaliklari, sanoat korxonalari va tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari innovatsion ishlanmalarni o‘z faoliyatiga joriy etish maqsadida mualliflar bilan umumiy qiymati 1,5 milliard so‘mlikdan ortiq 60 ga yaqin shartnoma imzoladi.