Davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-komunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish maqsadida 2017 yil 27 fevralida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Idoralararo elektron o‘zaro aloqani qo‘llash bilan bitimlarning notarial guvohnomasini tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida”gi 106-son qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida ko‘chmas mulk bitimlarining notarial guvohnomasini tayyorlashda idoralararo elektron aloqa tizimini qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. 

 

Hukumat qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorlikda ishlab chiqilgan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushiriladi. Ushbu tizim quyidagilarni ko‘zda tutadi: 

 
 Turli muassasalardan ko‘p sonli, masalan, kommunal korxonadan kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikning yo‘qligi, kadastr organlaridan mulkni boshqarish huquqi va ushbu ko‘chmas mulkni sotish mumkin emasligi bo‘yicha xatlovning yo‘qligi, pasport stoli yoki fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari (mahalla) dan yashovchi shaxslar miqdori, soliq organlaridan soliq to‘lovlari bo‘yicha qarzlarning yo‘qligi to‘g‘risidagi va h.k. qog‘oz-ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha talablarni bekor qiladi;
 notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan protseduralarni avtomatlashtiradi;
 ko‘chmas mulk va avtomototransport vositalarini sotish hamda begonalashtirishga ta’qiq bo‘yicha ma’lumotlarning yagona bazasini shakllantirish;
 notarial harakatlarni amalga oshirishda idoralararo o‘zaro elektron aloqa qilish yo‘li bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatish; 
 reglamentatsiya, shuningdek, fuqarolarga qulay bo‘lishi uchun kommunal korxonalar tomonidan sotishdan oldingi inspeksiyaga arizalar berishni soddalashtirish. 
 
Tizim Toshkent shahrida 2017 yil 1 iyulidan, O‘zbekistonning boshqa mintaqalarida esa 2018 yil 1 iyulidan kuchga kiradi. 
 
Bu oddiy iste’molchi uchun nimani anglatadi? Endilikda davlat idoralarida navbat kutib, vaqt yo‘qotgancha kerakli ma’lumotlarni shaxsan yig‘ish zaruriyatiga hojat qolmaydi. 
 
Mulkka huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga arizani ikki usul – Yagona interfaol davlat xizmatlari portali (YaIDXP) (www.my.gov.uz) dagi shaxsiy kabineti orqali yoxud ariza beruvchida Internet tarmog‘iga ulanish imkoni bo‘lmagan hollarda – shaxsan notarial idoraga murojaat qilgancha berish mumkin. YaIDXP da notarial harakatlar haqidagi barcha zaruriy ma’lumotlar taqdim etilgan, shuningdek, notarius qabuliga oldindan yozilish imkoni joriy qilingan. 
 
Qaror asosida, “O‘zkommunxizmat” O‘zbekiston agentligiga, Goskomergeodezkadastriga, “O‘zbekenergo AJ ga va “O‘ztransgaz” AK ga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, Toshkent shahri va viloyat hokimliklariga, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga idoralararo o‘zaro elektron aloqa qilish tizimiga o‘zaro hisob-kitob holati, elektr quvvati, tabiiy gaz, issiq va sovuq suv iste’molchilarining hisob raqamidagi hisobga oid ma’lumotlar, shu jumladan, hisob-kitobning individual asboblari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joriy etishni ta’minlash topshirildi. 
 
Ushbu yangi kiritilgan tartib-qoida Osiyo taraqqiyot bankining texnik ko‘magidagi “E-Hukumat samarali davlat boshqaruvi uchun” loyihasi sharofati bilan amalga oshdi. Loyiha ko‘magida tayyorlangan infografikada ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish bo‘yicha elektron xizmatlarni joriy etish bilan nimalar o‘zgarishi to‘g‘risida umumiy ma’lumot berilgan. 
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevralida tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston rivojlanishi bo‘yicha harakatlar Strategiyasida notarial idoralar faoliyatini idoralararo o‘zaro elektron aloqa qilish yo‘li bilan, shuningdek, notariat sohasida aholi va biznesga xizmat ko‘rsatishning interfaol davlat xizmatini ko‘rsatish yo‘li bilan avtomatlashtirish vazifasi qo‘yilgan. Shu munosabat bilan ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibini tatbiq etish ushbu sohada to‘laqonli interfaol davlat xizmatlarini joriy qilish bo‘yicha dastlabki qadam bo‘ladi. 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi