Innovatsion loyihalar namoyishi
Samarqandda innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi o‘tkazildi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 20-maydagi “Innovatsion loyihalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari singari 30 dan ortiq tashkilot qatnashdi.
Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi ijro apparati rahbari O.Parpiyev va boshqalar yurtimiz olimlari va yosh tadqiqotchilari tomonidan yaratilayotgan innovatsion ishlanmalarning hayotga tatbiq etilishi ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarini zamon talablari darajasida rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Ko‘rgazmada jahon andozalariga mos keladigan yangi, yuqori samarali materiallar, mashinalar, preparatlar va boshqa ilmiy texnologiya mahsulotlarini yaratishga imkon beruvchi sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalariga doir informatsion texnologiyalar hamda ilm-fan sohasidagi 150 ga yaqin innovatsion texnologiya va ishlanmalar namoyish etildi. Ayni paytda ishtirokchilar bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, istiqboldagi vazifalarni belgilash, ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda innovatsion loyihalarga talabgorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
– Yarmarkada suv nasoslarining ish tizimini avtomatik boshqarish qurilmasi bilan qatnashyapmiz, – deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti talabasi, loyiha mualliflaridan biri Mansur Qiyomov. – Tajriba-sinovdan o‘tgan ushbu qurilma qishloq xo‘jaligida keng foydalaniladigan suv nasoslarining ish unumdorligini oshirish, elektr energiyasini tejash hamda ortiqcha suv sarfining oldini olish imkoniyatini beradi. Shu orqali uni xarid qilish uchun sarflangan mablag‘ bir yilda tejalgan mablag‘ hisobidan to‘liq qoplanadi.
Tadbirda fermer xo‘jaliklari, sanoat korxonalari va tashkilotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan texnologiya va ishlanmalar mualliflari o‘rtasida shartnomalar imzolandi.
– Qishloq xo‘jaligida mahsulot sifati va hosildorligini oshirishga xizmat qiladigan ishlanmalar e’tiborimni tortdi, – deydi Paxtachi tumanidagi “Do‘stobod fayzli dalasi” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Zafar Murtazoyev. – Ayniqsa, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan mikroo‘stirgich biopreparati manzur bo‘ldi. Qishloq xo‘jalik ekinlarini turli kasalliklardan asrash va ularning rivojini ta’minlaydigan bu vositadan xarid qilib, uni o‘z xo‘jaligimizda qo‘llab ko‘rmoqchimiz.
Ko‘rgazma yakunida tarmoq va sohalarni iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan yangi texnika va texnologiyalar, ilmiy ishlanma va g‘oyalar tanlab olinib, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.