Shavkat Mirziyoyev: turizm – iqtisodiyotimizning muhim tarmog‘i

Prezidentimiz “Ark” qo‘rg‘oni majmuasida Buxoro viloyatining turizm salohiyatini yanada oshirish dasturi taqdimotida ishtirok etdi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan Buxoro viloyatining turizm salohiyatini yanada oshirish dasturi asosida 39 loyiha amalga oshiriladi. 

Sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, turizmning ziyorat qilish, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sog‘lomlashtirish, qishloq, sanoat, ishbilarmonlik turizmi va boshqa turlarini taraqqiy ettirish, BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) hamda turizm bo‘yicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, sayyohlik industriyasi obyektlarini jadal rivojlantirish, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlariga 18,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. 

Davlatimiz rahbari sohada kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, gidlar va boshqa xodimlarning bilim va malakasini muntazam oshirib borish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi. 

Viloyatda raqobatbardosh turizm mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqib, ularni ichki va xalqaro turizm bozorlarida targ‘ib qilish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, sohada reklama-axborot faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish bugungi kun talabidir. 

Buxoroning ko‘hna va boqiy shahar, deb atalishida katta ma’no bor, dedi davlatimiz rahbari. Bu yerdagi qadimiy obidalar, osori-atiqalar, xalqimizning betakror qadriyatlari, beqiyos an’analari asrlar osha yashab kelmoqda. Chet elliklarning, tarixshunos va mutaxassislarning ularga qiziqishi doimo yuqori bo‘lgan. Bundan unumli foydalanish kerak. 

Buxoroning qadimiy obidalarini qamrab olgan kichik halqa yo‘lini bunyod etish, yo‘laklarga marmar va ishlov berilgan toshlar yotqizish, bino va yo‘llarning yoritish tizimini zamonaviylashtirish, mehmonxona va inshootlar qurish, ular atrofiga hududning tabiiy iqlim sharoitiga mos daraxt va gullar ekish, mahalliy va chet elik investorlar uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar yaratish yuzasidan zarur topshiriqlar berildi. 

Prezidentimiz Buxoro tarixi davlat muzeyi loyihasini ko‘zdan kechirdi. 

1,2 gektar maydonni o‘z ichiga oluvchi ushbu muzey qurilishiga byudjet mablag‘lari hisobidan 68,3 milliard so‘m sarflanishi mo‘ljallanmoqda. Muzey qurilib, ishga tushirilsa, “Ark” qo‘rg‘onida saqlanayotgan noyob eksponatlar u yerga ko‘chiriladi. Oltmishdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. 

Muzeyni jahon standartlariga mos jihozlash, zamonaviy texnologiyalar o‘rnatish, bu yerga keluvchilarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi. 

Shavkat Mirziyoyev madaniy meros obyektlarining bugungi kundagi holati va ularni saqlashga doir loyihalar taqdimotlari bilan ham tanishdi. 

Buxoro viloyatida 660 madaniy meros obyekti mavjud. Ularning aksariyatini arxeologik obyektlar, monumental san’at asarlari, arxitektura yodgorliklari tashkil etadi. 

Prezidentimiz ushbu madaniy meros obyektlari xalqimizning bebaho boyligi, ularni asrash va avlodlarga bezavol yetkazish barchamizning burchimiz ekanini ta’kidladi. 

Madaniy meros obyektlarini saqlash va ta’mirlash yuzasidan soha mutaxassislari va usta-quruvchilarga zarur ko‘rsatmalar berildi.