Turizm rivojida milliy qadriyatlarimizning o‘rni
Jizzax viloyatining Forish tumani o‘lkashunoslik muzeyida “Chavandozlik udumlari va turizm” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Jizzax viloyati vakilligi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tuman kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda turoperatorlar, madaniyat muassasalari va mehmonxonalar xodimlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, xorijlik mehmonlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni turizm sohasini yanada rivojlantirish, turizmning joylarda aholi farovonligini yuksaltirishdagi o‘rnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Jizzax viloyatida ham turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zomin, Forish tumanlaridagi davlat qo‘riqxonalari va milliy bog‘lar, Aydar-Arnasoy ko‘llari akvatoriyasida nabotot va hayvonot dunyosining noyob turlari mavjud. Xalqimizning ko‘p asrlik o‘ziga xos udum va an’analari, xalq o‘yinlari milliy madaniyatimiz durdonalari sifatida rivojlanayotir.
Seminarda tog‘li qishloqlarda keng tarqalgan, bayram va to‘ylarning asosiy tomoshasi bo‘lgan uloq-ko‘pkari musobaqalarining yoshlarni jismoniy chiniqtirish, mardlik, jasorat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati to‘g‘risida fikr almashildi. Sayyohlarni tarixiy, me’moriy, madaniy, tabiiy yodgorliklar bilan birga, etnografik obyektlar, milliy urf-odat va an’analar ham qiziqtirayotgani ta’kidlandi.
– Navro‘z bayrami va to‘ylarda o‘tkazilayotgan uloq-ko‘pkari o‘yinlarini xorijlik sayyohlar ham katta qiziqish bilan tomosha qilmoqda, – deydi Jizzax davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi, taniqli folklorshunos olim Rahmatulla Sarimsoqov. – Bu xalq o‘yini milliy qadriyatlarimizning o‘ziga xos ifodasidir. Mazkur seminar ana shu milliy o‘yindan turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish masalasiga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Tadbirda yilqichilikni, uloq-ko‘pkari o‘yinlarini yanada takomillashtirish, uni turizmni rivojlantirish omiliga aylantirish yuzasidan bildirilgan fikrlar, taklif va tavsiyalar muhokama etildi. Har yili Navro‘z bayrami sayillarida o‘tkaziladigan uloq-ko‘pkari musobaqalarida “Eng mohir chavandoz”, “Eng zotdor ot egasi”, “Eng yosh chavandoz” singari nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash va taqdirlash yuzasidan fikr almashildi.