Tadbirkorlar uchun seminar
Namanganda “GS1 Xalqaro standartlar tizimi, tushunchasi va uning afzalliklari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
GS1 Uzbekistan uyushmasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ta’lim muassasalarining tegishli mutaxassislari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hamda oziq-ovqat, kimyo, farmatsevtika sanoati va boshqa ishlab chiqarish sohalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tovar ishlab chiqaruvchilar iqtisodiy salohiyatini oshirish, tovarlarning raqobatbardoshligini ta’minlash, halqaro standartlar bo‘yicha maxsulot ishlab chiqarishga erishishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Davlatimiz rahbarining mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida iqtisodiy rivojlanishning ikki muhim omili – import va eksport hajmi o‘rtasidagi tafovutga tanqidiy baho berildi, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi rahbari Qobiljon Jamolov. – Mazkur omillar tashqi bozor munosabatlari va unda davlatimizning tutgan o‘rni bilan, bu esa, o‘z navbatida, ishbilarmonlarimiz tomonidan taklif qilinayotgan tovar yoki xizmatning sifati bilan bevosita bog‘liq. Bugun mamlakatimizda tadbirkorlik ravnaqi yo‘lida keng imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan bo‘lib, tadbirkorlardan ulardan to‘g‘ri va samarali foydalanish talab etiladi, xolos. Ushbu seminardan ko‘zlangan maqsad tadbirkorlarimizga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan maxsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni xalqaro shtrix kodlar bilan tamg‘alash va tovarlarning raqobatbardoshligini oshirish yuzasidan xalqaro standartlarni keng joriy etish, shuningdek, turli tovarlarga ta’sis etilgan shtrix kodlarning tamg‘alanishidagi me’yoriy tartib-qoidalar yuzasidan tushuncha va amaliy ko‘mak berishdir.
O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan shtrixli kodlash tizimi EAN xalqaro tovar raqamlash tizimi doirasida ishlab chiqilgan. Tizim milliy va xalqaro kodlash tizimining mos kelishini hamda axborot almashish uchun yagona tilni ta’minlaydi. EAN shtrixli kodlaridan foydalanish ustidan nazorat GS1 Uzbekistan uyushmasi va "O‘zstandart" agentligi “Shtrixli kodlash markazi” tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.
Seminar ishtirokchilariga yurtimizdagi GS1–xalqaro avtomatik identifikatsiyalash va mahsulotlarni raqamlash tizimidan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, bu tizimning standart va yechimlariga shtrixli kodlash, ma’lumotlarni elektron uzatish va sinxronlashtirish, radiochastotali identifikatsiyalash bo‘yicha, shuningdek, ishlab chiqarilgan tovar va maxsulotlarni shtrixli kodlash, shtrix kodlangan mahsulotlarning savdo jarayonlaridagi, esport qilishdagi va omborxona hisobini yuritishdagi afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot berildi.