24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Deputatlar fuqarolar, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining majlislarida vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.
Deputatlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrda qabul qilingan «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonini ijro etish maqsadida hamda 2017-yilga mo‘ljallangan Soliq va byudjet siyosati konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladilar.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini isloh qilish jarayoni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi hamda yagona komplekc hujjat – 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida o‘tkazilmoqda. Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish alohida yo‘nalish sifatida belgilangan. Rivojlangan iqtisodiyot barcha boshqa sohalarni takomillashtirishning muhim omili sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish zarur ekanligi qayd etib o‘tildi, bunga esa moliyaviy va soliqqa doir masalalarni samarali hal etish orqali erishiladi.
Shu sababli qonun loyihasida to‘lovga oid tartib-intizomni, soliqqa oid maslahatlar berish sohasida ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini, xorijiy investitsiyalarga ega bo‘lgan korxonalarning huquqlari va ular faoliyatining kafolatlarini ta’minlash nazarda tutilmoqda. Qonun loyihasini tayyorlash chog‘ida amalda mavjud bo‘lgan muammolar tahlil etildi, Avstriya, Germaniya, Italiya kabi davlatlarning hamda MDHdagi bir qator mamlakatlarning tajribasi o‘rganilib, bu pirovardida hujjatning sifatini yaxshilash imkonini berdi.
Ushbu qonunning qabul qilinishi tadbirkorlik sohasini jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga, soliqqa oid maslahatlar berish masalalarini huquqiy jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
«Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarning qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qayd etib o‘tilganidek, ushbu qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida mavjud bo‘lgan normalarning amaliyotga tatbiq etilishini ta’minlaydi.
Qonun loyihasida Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik- protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslariga va «Sudlar to‘g‘risida»gi hamda «Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunlarga «Xabeas korpus» institutini qo‘llash sohasini yanada kengaytirishga, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va liberallashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bir qatorda sud, huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat qiluvchi organlar faoliyatining samaradorligi va, eng muhimi, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchi ortishiga xizmat qiladi. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyatda qonuniylikni mustahkamlash borasida aynan ana shu mezon asosiy hisoblanadi.
– Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni ta’minlash mamlakatimiz Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi, – deydi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Shuhrat Mamajonov. – Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq jinoiy jazolar tizimiga «majburiy jamoat ishlari»ning kiritilishi munosabati bilan qamoq tariqasidagi jinoiy jazo bekor qilinadi. Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlab turish, qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llash, dastlabki tergov, shuningdek, fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddatlari qisqartirilmoqda.
Mazkur huquqiy hujjatlarni muhokama qilish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar va qonun loyihalari birinchi o‘qishda qabul qilindi.
So‘ngra deputatlar «Bankrotlik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga kreditorlar va qarzdorlarning sud orqali himoya qilinishga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Bundan buyon bankrotlik to‘g‘risidagi ishda kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan sudning apellatsiya instansiyasi chiqargan qarorlar qayta ko‘rib chiqilishi lozim, ya’ni yuqori turuvchi instansiyalarga sudlarning qarori ustidan shikoyat qilinishi mumkin.
Umuman olganda, bugungi kunda parlament quyi palatasidagi qonun ijodkorligi faoliyati jarayoni nazorat-tahlil tadbirlarining, deputatlar tomonidan ishlarning haqiqiy ahvoli va aholi ehtiyojlarini joylarga chiqib shaxsan o‘rganish natijalarini hisobga olgan holda tashkil etilayotgani, bu esa Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ayniqsa dolzarb ekanligi ta’kidlandi.
Majlis davomida deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.
Manba: O'zA