Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Qashqadaryo viloyatida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shahar va qishloqlar obodonlashib, zamonaviy qiyofa kasb etayotir. Yangi korxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, keng va ravon yo‘llar, bog‘ va xiyobonlar bunyod etilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida yangi qurilayotgan obyektlar, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan ishlab chiqarish korxonalari loyihalarini ko‘zdan kechirmoqda.
Davlatimiz rahbari Qarshi tumanida yengil sanoatni rivojlantirish borasidagi yangi loyihalar bilan tanishdi.
Prezidentimizga ko‘rsatilgan birinchi loyiha – 2017-2019-yillarda viloyatda yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxonalarni tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha manzilli dastur bo‘lib, unda 17 korxona tashkil etish rejalashtirilgan.
“O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati hamda qator tijorat banklari bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan dastur doirasida 3000 ga yaqin ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda viloyatda 7 to‘qimachilik korxonasi faoliyat yuritmoqda. Mazkur korxonalar hududda yetishtirilayotgan paxta tolasining 10 foizini qayta ishlash quvvatiga ega.
Shavkat Mirziyoyev to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “LT Tekstil Interneyshnl” O‘zbekiston – Xitoy–Niderlandiya qo‘shma korxonasi loyihasi bilan tanishar ekan, Qashqadaryo viloyati mamlakatimizda paxta tolasini yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallashi, bu imkoniyatdan unumli foydalanish, yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlab, bozorga tayyor mahsulot chiqarish katta samara berishini alohida qayd etdi.
Mazkur korxonaning ishga tushirilishi hududda yetishtirilayotgan paxta tolasini shu yerning o‘zida qayta ishlash, aholining real daromadlarini oshirish imkoniyatini yaratadi.
Yiliga 22 ming tonna raqobatbardosh aralash ip kalava va 50 million kvadrat metr ip gazlama ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan korxona mahsulotlarining 80 foizi eksportga yo‘naltiriladi.
Prezidentimiz shu yerning o‘zida Yakkabog‘ tumanidagi sobiq “Yakkabog‘ teks” korxonasi negizida barpo etilayotgan “Universal Taraqqiyot Tekstil” qo‘shma korxonasiga qo‘shimcha investitsiya kiritish loyihasi bilan ham tanishdi.
Korxonada viloyatda yetishtirilgan paxta tolasi qayta ishlanib, mato va choyshablar ishlab chiqariladi. 400 ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilayotgan korxona to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 6 million kvadrat metr mato, 2 million juft yotoq choyshablari tayyorlanadi.
Zamonaviy va energiya tejamkor texnologik uskunalar bugun barcha ishlab chiqarish jabhalariga tatbiq etilmoqda. Qarshi shahridagi sobiq paxta tozalash zavodi negizida tashkil etilayotgan “Wood Décor Production” qo‘shma korxonasi ana shunday zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanmoqda. Shveytsariyaning mashhur “Rieter”, Yaponiyaning "Murata", "Yamata", Germaniyaning "Mayer" kompaniyalarining yuqori samaradorlikka ega dastgohlari o‘rnatilayotgan korxonada dunyo bozorida raqobatbardosh sifatli ip kalavadan tortib tayyor mahsulotgacha ishlab chiqariladi.
Prezidentimiz taqdim etilayotgan loyiha samaradorligini oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Mamlakatimizda paxta tolasi va ipak xomashyosini qayta ishlash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish yo‘li bilan raqobatbardosh, tashqi bozorlarda xaridorgir tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari va turlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyiha ishga tushgach 600 ish o‘rni yaratiladi.
Paxta ekin maydonlarini optimallashtirilishi va ishning mavsumiyligini hisobga olib, “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi tizimda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bandligini ta’minlash, qo‘shimcha daromad olish maqsadida Qashqadaryo viloyatidagi yog‘-moy korxonalarining bo‘sh maydonlarida yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. Koson tumanida tashkil etiladigan meva-sabavotlarni quritish sexi shulardan biri. 100 dan ziyod ish o‘rni yaratiladigan korxonada 10 ming tonna mahsulot qayta ishlanadi. Qarshi shahrida tashkil etiladigan muzlatkichda 500 tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari saqlanadi. O‘n ish o‘rni yaratilayotgan omborxona joriy yilda foydalanishga topshiriladi.
Prezidentimizga Qarshi tumanida tashkil etiladigan 20 ming parranda boqish rejalashtirilayotgan majmua loyihasi haqida ham so‘zlab berildi. Yil davomida aholini sifatli parhez go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashga mo‘ljallangan majmua faoliyat boshlagach 22 kishi doimiy ish joyiga ega bo‘ladi.
Manba: O'zA