2017-yil 22-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi Raisi – Ijrochi kotibining birinchi o‘rinbosari Viktor Guminskiy bilan uchrashdi.
Suhbat davomida joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik ko‘rishning amaliy masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekistonda MDH tarmoq organlarining boshqa tadbirlarini o‘tkazish jadvali borasida ham fikr almashildi.
Shu kunning o‘zida MDH Ijroqo‘mi delegatsiyasining O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va unda yuqorida qayd etilgan Hamdo‘stlik TIVK majlisiga tayyorgarlik ko‘rishga oid masalalar ko‘rib chiqildi.