Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qo‘yilgan vazifalar ijrosi doirasida Xorazm viloyatida jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kunining ilk tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur yig‘ilishda davlatimiz rahbarining taklifiga binoan mamlakatimizda haftaning har payshanba kuni jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni, deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan viloyatning barcha tuman va shahar prokurorlari, ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari o‘z hududlarida keng jamoatchilik bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda hududda sodir bo‘lgan jinoyat va huquqbuzarliklar, ularning kelib chiqish sabablari, kelgusida bunday illatlarning oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalar muhokama etildi.
– Ayni paytda viloyatdagi huquq-tartibot organlarining har bir xodimi Prezidentimizning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida soha vakillari faoliyatiga nisbatan bildirgan tanqidiy fikrlaridan tegishli xulosa chiqarib, amaliy ishlarni boshlab yubordi, – deydi viloyat prokurorining katta yordamchisi Sadoqat Ro‘zmetova. – Endilikda hududlar prokurorlari hamda ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari tasdiqlangan grafik asosida har haftada mahalliy telekanal va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilib, sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari, oldini olish bo‘yicha tadbirlar va profilaktikasi haqida axborot beradi.
Bu kabi tadbirlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatida oshkoralikni ta’minlab, ularning xalq bilan yanada yaqin bo‘lishi, aholining prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlariga bo‘lgan ishonchi oshishiga, turli huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlab, oldini olishda hamda jamiyatimizda qonuniylikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: O'zA