O‘zbekiston Milliy matbuot markazida mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda «O‘zstandart» agentligining o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, xalqimiz dasturxonini yurtimizda yetishtirilgan sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, oilalarda sog‘lom ovqatlanish tamoyillarini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hozirgi globallashuv davrida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan birga uning xavfsizligini ta’minlash ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni hayotga izchil tatbiq etishning tashkiliy-huquqiy asoslari yaratilgani inson manfaatlarini muhofaza qilishda muhim omil bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasining «Standartlashtirish to‘g‘risida», «Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida», «Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi kabi qonunlarida belgilangan vazifalar o‘z vaqtida ijro etilishi katta samaralar berayotir.
«O‘zstandart» agentligi tomonidan qator vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda bozorlarimizni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish, aholi iste’mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini yaxshilash masalalariga katta e’tibor qaratib kelinmoqda.
Agentlikning poytaxtimizdagi uchta, Qashqadaryo viloyatidagi bitta sinov laboratoriyasi xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Matbuot anjumanida joriy yilda yana to‘rtta sinov laboratoriyasini xalqaro darajadagi akkreditatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilgani qayd etildi. Shuningdek, mamlakatimizda oziq-ovqat ishlab chiqarishni rivojlantirish, xavfsizligini ta’minlash, aholi orasida ovqatlanish madaniyatini targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Manba: O'zA