Farg‘onada turizm rivojlanmoqda
Turizm iqtisodiyot tarmoqlari rivoji, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, xalqaro aloqalarni mustahkamlash kabi o‘ta dolzarb masalalar yechimida muhim rol o‘ynaydi. Mamlakatimiz bu borada ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega.
Prezidentimiz tashabbusi bilan turizm sanoatini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida mamlakatimizning go‘zal tabiati, muqaddas qadamjolari, noyob me’moriy obidalari hamda fayzli go‘shalari dunyo ahlini tobora o‘ziga maftun etmoqda.
Mustahkam tinchlik va barqarorlik, o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik muhiti, dunyoga mashhur o‘zbekona mehmondo‘stlik, shuningdek, zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari, ularda ko‘rsatilayotgan yuksak sifatli xizmat turlari bu borada muhim omil bo‘layotir.
Ayni paytda yurtimizda sayyohlikning ekoturizm, geoturizm, ekstremal, tibbiy va madaniy yo‘nalishlari, otda, tuyada, avtomobilda sayohat qilish, alpinizm, baliq ovi, rafting kabi ko‘plab turlari rivojlanib bormoqda.
Azaldan mehmondo‘stlikni joyiga qo‘yib, ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lgan xalqimiz istiqlol yillarida ana shu ajoyib fazilatini sayyohlik industriyasi, xizmat ko‘rsatish sohasini takomillashtirish orqali yanada yaqqolroq namoyon etayotir. Bunda O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonuni, Prezidentimizning 2016 yil 2 dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Farg‘ona viloyati tarixiy obidalari, tabarruk qadamjolari, zamonaviy inshootlari bilan sayyohlar e’tiborini tortmoqda. Xususan, viloyat markazi, qadimiy Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari va Rishton tumani uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar bilan doimo gavjum. Viloyatda yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochish, mehmonlarni tarixiy obidalar, milliy hunarmandlik va xalq amaliy san’ati namunalari bilan tanishtirish uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatdagi 30 ga yaqin zamonaviy mehmonxona sayyohlar ixtiyorida.
Burhoniddin Marg‘inoniy, Said Ahmad Eshon majmualari, Pirsiddiq Hazrat chillaxonasi va maqbarasi, Uvaysiy uy-muzeyi, hunarmandlar ustaxonalari, Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon saroyi va unda joylashgan o‘lkani o‘rganish muzeyi, Jome’, Kamolqozi masjidlari, Norbutabiy majmuasi, Dahmai Shohon va Madalixon tarixiy yodgorliklari, Farg‘ona shahri hamda Quvadagi Ahmad Al-Farg‘oniy majmualari bo‘ylab uyushtirilayotgan sayohatlar turistlarda yurtimiz tarixi haqida katta taassurot qoldirmoqda.
Viloyatdagi tabiiy suv havzalari bilan bog‘liq yodgorliklar, adir geokomplekslaridagi ekoturistik ob’ekt va hududlar ham o‘ziga xos. O‘zbekiston, Uchko‘prik va Rishton tumanlaridagi tabiiy buloqlar, Oltiariq tumanidagi asriy qayrag‘och va sharq chinori, Akbarobod va Zilha qumlari, Sariqo‘rg‘on tepaligi, Kitkontepa, Saurbuloq, Yomonjar jarlari, qadimiy pistazorlar, Oqbilol g‘ori kabi tabiat yodgorliklari har qanday kishini o‘ziga maftun etadi.
Viloyatda turizm sohasida gastronomik, ekologik va agroturizm turlarini shakllantirish va ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha aniq turistik ob’ektlar va transport-logistikasi tizimi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, Farg‘ona, Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida “Osh markazlari” tashkil etildi. Rishton tumanida Tohirjon Haydarovning kulolchilik maktabi va uy-muzeyi ish boshladi.
– Bugun Farg‘onaga kelgan sayyohlar, albatta, Rishton tumaniga ham tashrif buyuradi, – deydi hunarmand T.Haydarov. – Bu yerda usta kulollar tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar ularni hayratga solmoqda. Biz ham sayyohlarni milliy hunarmandchiligimiz bilan tanishtirish maqsadida kulolchilik ustaxonasi va uy-muzeyi tashkil qildik.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan farmoni turizm sanoatini, jumladan, yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy jahon standartlariga, turistlarning ehtiyojlari va talablariga javob beradigan sayyohlik industriyasi ob’ektlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu borada Farg‘ona viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Manba: O'zA