Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishi, maqsad-muddaolari amalga oshirilishini ta’minlaydigan tizim yaratilmoqda. 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani, davlatimiz rahbarining 2016-yil 28-dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingani ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Mazkur farmonga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasida ham fuqarolar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Murojaatlarni qabul qilish, tibbiyot, ona va bola xonalarida zarur sharoitlar tashkil etilgan. Qabulxona huquqiy adabiyotlar, zarur ma’lumotlar va axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan.
Qabulxonaga kiraverishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir», degan so‘zlari bitilgan. Muassasa faoliyati ana shu mezon asosida yo‘lga qo‘yilgan. Qabulxona At-Termiziy maydoni, 2-uyda joylashgan.
Xalq qabulxonalarini tashkil etishdan maqsad – jamiyatimizdagi adolat poydevorini yanada mustahkamlashdir, dedi Prezidentimiz. Hokim va mutasaddi rahbarlar bu yerda xalq bilan muloqot qilishi, har bir murojaat yechimini topishi kerak. Aholini qiynayotgan masalalarni tahlil qilish orqali qonun hujjatlarini takomillashtirib boramiz.
Manba: O'zA