Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida “Janub tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Amudar Teks” O‘zbekiston – Angliya qo‘shma korxonasi hamda Sherobod tumanida barpo etiladigan “SHEROBOD TEXTILE INVEST” mas’uliyati cheklangan jamiyatida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari bilan tanishdi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlariga jahon bozorida talab ortib bormoqda. Surxon vohasining tabiiy iqlim sharoiti xaridorgir to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan xomashyo yetishtirish uchun juda qulay. Viloyat mirishkorlari paxta parvarishida boy tajriba to‘plagan. Yurtimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, xorijiy sarmoyadorlarga qator imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanilayotgani to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘layotir. Yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, mahalliy sharoitda yetishtirilgan sifatli paxta tolasidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga e’tibor kuchaytirilmoqda.
“Janub tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tashkil etiladigan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona ishga tushirilishi 350 ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Korxonada yiliga 5 ming tonnadan ortiq ip-kalava ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
2018-yilda ishga tushiriladigan “Amudar Teks” O‘zbekiston –Angliya qo‘shma korxonasi yiliga 7 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Bu yerda 300 kishi ish bilan ta’minlanadi. 10 million dollardan ortiq qiymatdagi to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilinadi.
“SHEROBOD TEXTILE INVEST” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘rnatiladigan zamonaviy texnologiyalar yiliga 17 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Korxona qurilishiga 46 million dollar mablag‘ sarflanadi. Sherobod tumanining “Seplon” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etiladigan korxona ishga tushirilishi bilan 700 kishi ish bilan band bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari mazkur sanoat korxonalari paxtani qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishda istiqbolli loyihalar bo‘lib, viloyat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Manba: O'zA