O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev istiqlolning dastlabki yillaridan yurtimizda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash vazifalariga ustuvor ahamiyat berilayotganini alohida ta’kidladi. Bu profilaktika, tezkor-qidiruv, tergov, yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash, patrul-post xizmatlari, alohida vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadlari qayta tashkil etilganida, ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasi muntazam mustahkamlab borilayotganida namoyon bo‘lmoqda.
Ichki ishlar organlari xodimlari bilan aholi o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro ishonch va ochiqlikni ta’minlash maqsadida profilaktika inspektorlari, militsiya tayanch punktlari, “Mahalla posboni” kabi institutlar tashkil etilgani yurtimizda tinch-osuda hayot ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari keyingi vaqtlarda huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.
Ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soladigan qonunchilik bazasi mustahkamlanmoqda. So‘nggi besh yilda "Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida", “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinib, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunga zamon talablaridan kelib chiqqan holda, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
2016-yilda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani bu boradagi huquqiy-me’yoriy poydevorni yanada mustahkamladi.
Ichki ishlar idoralarining faoliyat samaradorligini oshirish, mahalliy hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorligini yanada takomillashtirish dolzarb vazifa bo‘lib turibdi.
Prezidentimiz bugun ichki ishlar organlari zamon talablariga nechog‘li javob bera olayotganiga e’tibor qaratdi. Inson manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni kechiktirmasdan hal qilish lozim bo‘lgan bugungi kunda eskicha fikrlash, ishni eski “qolip”lar asosida tashkil qilish, o‘z burchini elga xizmat tamoyiliga asoslanib emas, balki shaxsiy manfaatlardan kelib chiqqan holda bajarish kabi amaliyotlar davom etmoqda.
Ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo‘lsin. Lekin ayrim joylarda ularning faoliyati odamlar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa mol-mulkka jinoiy tajovuz kabi salbiy holatlarga to‘liq chek qo‘yilmagan. Qasddan tan jarohati yetkazish, firibgarlik, yo‘l-transport hodisalari kamaymagan.
Shavkat Mirziyoyev jinoyatlarni ochish borasida ham qator kamchiliklar mavjudligini ta’kidladi. Xususan, o‘g‘irlik va firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarning har beshtadan bittasi fosh etilmagan.
Jinoyat-qidiruv faoliyatida jiddiy nuqsonlar uchramoqda, ayrim joylarda huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlik talab darajasida emas. Qidiruvda yurgan aksariyat shaxslarning qo‘lga olinmayotgani ularga jinoiy qilmishlarini davom ettirishga imkon beradi va bu g‘oyat tashvishli holdir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ichki ishlar organlari faoliyatiga baho berishda jinoiy ishlarni odilona va sifatli tergov qilish, shaxsning jinoiy qilmishiga munosib, adolatli huquqiy baho berish muhim o‘rin tutadi. Lekin tergov idoralari ixtiyorida qisqa muddatda tezkor qonuniy qarorlar qabul qilish imkoniyati mavjud ekaniga qaramay, qo‘shimcha surishtiruv yoki tergov harakatlari talab etilmaydigan materiallar bo‘yicha asossiz ravishda muddatni uzaytirish, cho‘zish, fuqarolarni sarson qilish kabi salbiy amaliyot hamon uchramoqda.
Shavkat Mirziyoyev tergov va ayblash bilan cheklanmay, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning shart-sharoit va omillarni o‘rganish, profilaktika maqsadida har bir jinoyat tafsilotlarini ichki ishlar organlari rahbarlari, profilaktika inspektorlari va mahalla faollari ishtirokida chuqur tahlil qilish zarurligini ta’kidladi.
Yana bir tashvishli holat: xorijdagi fuqarolarimizning aksariyati ishlash maqsadida yurtimizdan ketgan, lekin ularning ayrimlari turli diniy-ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolmoqda. Chet elga ish qidirib ketgan fuqarolarni aniqlash va qaytarish, mahalla raislari, ma’naviyat-ma’rifat markazlari, imom-xatiblar, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar bilan hamkorlikda aholi orasida diniy ekstremizmning salbiy oqibatlarini targ‘ib qilish borasidagi ishlar zamon talabi darajasida emas.
Davlatimiz rahbari haftaning payshanba kunini jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni, deb e’lon qilishni taklif etdi. Shu kuni hududlar prokurorlari va ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari mahalliy telekanallarda chiqishlar qilib, sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari, oldini olish bo‘yicha tadbirlar va profilaktikasi haqida axborot beradi.
Yoshlar va ayollar jinoyatchiligi borasidagi ahvol ham kishini tashvishga solmay qo‘ymaydi. Masalan, 2016-yilda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari mingdan ziyod jinoyatga qo‘l urgani, umumiy jinoyatlarning oltitasidan bittasini xotin-qizlar sodir etgani afsuslanarlidir. Buning asosiy sabablaridan biri o‘rta maxsus bilim yurtlarida o‘quvchilarning davomati tushib ketgani, bu holni o‘rganish va nazorat qilish bo‘yicha mukammal tizim yaratilmaganidir.
Yig‘ilishda militsiya tayanch punktlari infratuzilmasini takomillashtirish, profilaktika inspektorlarining turmush sharoitini yaxshilash, ichki ishlar organlari tizimini kompleks isloh qilish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ichki ishlar vazirligining tashkiliy tuzilmalari tanqidiy nuqtai-nazardan tahlil qilindi.
Mamlakatimizda tadbirkorlar huquqini himoya qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlarining tadbirkorlar faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishi yoki to‘sqinlik qilishi kabi holatlarga batamom chek qo‘yish zarurligini alohida ta’kidladi.
Murojaatlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish ichki ishlar idoralarining eng dolzarb vazifalaridan biridir. Shu bois fuqarolar bilan munosabatlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish, odamlar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, xalq bilan hamnafas bo‘lib yashash va inson manfaatlaridan kelib chiqib ishlash lozim, dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda ichki ishlar vaziri A.Azizov, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari, ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining axborotlari eshitildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lib qolishi, muammolarni kabinetda o‘tirib emas, balki xalq orasida yurib aniqlashga va ularning yechimini topishga qaratish, yakuniy natija uchun rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish, fuqarolar murojaatlarini qisqa muddatlarda hal qilish, ishda aniq tartib va qat’iy intizom o‘rnatish, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash, ishdagi har qanday salbiy holatlarning oldini olish va bunday illatlar ildizini quritish – ichki ishlar organlarining ustuvor vazifasi ekanini alohida ta’kidladi.
Mutasaddi rahbarlarga fuqarolarning har bir murojaati e’tiborsiz qolmaydigan tizim yaratish, xizmatga munosabatni tubdan o‘zgartirish, jinoyat tafsilotlarini muhokama qilish mexanizmini shakllantirish, ichki ishlar organlarining xalq vakillari oldida hisobot berish tizimini yo‘lga qo‘yish orqali ularning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz ichki ishlar organlari quyi bo‘g‘in bo‘linmalari, militsiya tayanch punktlari va profilaktika inspektorlari faoliyati samaradorligini oshirish, ichki ishlar bo‘limlari faoliyatini reyting orqali baholash tizimini joriy etish, yoshlar sodir etayotgan jinoyatlarni chuqur tahlil qilib, ularning sababi va kelib chiqishiga zamin yaratuvchi shart-sharoitlarni aniqlash, barcha ta’lim muassasalariga profilaktika inspektorlarini biriktirib, ular kundalik ish faoliyatini ta’lim muassasalaridan boshlashni amaliyotga tatbiq etish masalalari bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev profilaktika inspektorlari malakasini oshirish bo‘yicha tizim yaratish kerakligiga alohida e’tibor qaratdi. Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda maxsus kurslar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Majlisda ichki ishlar organlarining har bir xodimi bildirilgan fikrlardan tegishli xulosa chiqarib, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash, har bir oila, har bir inson, mahalla xavfsizligini ta’minlashdek murakkab, ayni vaqtda sharafli vazifani bajarish uchun bor bilim va salohiyati, kuch-g‘ayratini safarbar etishi lozimligi ta’kidlandi.