O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 10-fevral kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Surxondaryo viloyati iqtisodiy salohiyati, tabiiy imkoniyatlari bilan mamlakatimiz taraqqiyotida alohida ahamiyatga ega. Mustaqillik yillarida ana shu salohiyat va imkoniyatlarni voha ahli, butun xalqimiz manfaatlari yo‘lida ishlatish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Viloyat iqtisodiyoti barqaror sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Buning tasdig‘ini 2016-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 8 foiz o‘sgani misolida ko‘rish mumkin.
To‘palang gidroelektrostansiyasi, Jarqo‘rg‘on neftni qayta ishlash zavodi, “Sharg‘un ko‘mir”, “Xo‘jaikon tuz” aksiyadorlik jamiyatlari, “Xonjizza” kon-boyitish majmuasi kabi yirik korxonalar viloyat sanoatida yetakchi o‘rin tutmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi ham jadal rivojlanmoqda. Mazkur sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 75,3 foizni tashkil etmoqda. Mehnat bilan band aholining 80 foizdan ziyodi mazkur sohada ish yuritmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga tashrifi davomida o‘zining saylovoldi dasturida viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan rejalar ijrosi, shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishi mo‘ljallangan.
Manba: O'zA