Erkin iqtisodiy zona – tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun ulkan imkoniyat
Mamlakatimizning turli hududlarida erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish va ularda zamonaviy yuqori texnologiyalarni keng joriy qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar xalqaro bozor talablariga javob beradigan raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, mavjud xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulotlar turi va ulushini ko‘paytirish, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12-yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni ana shunday hujjatlardan bo‘ldi. Oziq-ovqat, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, mashinasozlik va avtomobilsozlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida samarali mehnat qilayotgan hazorasplik tadbirkorlarni, ayniqsa, mamnun etdi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi uchun 325 gektardan ortiq yer maydoni ajratiladi. Keyinchalik ushbu hudud 600 gektargacha kengaytiriladi, – deydi Hazorasp tumani hokimining o‘rinbosari Maqsud Rahimov. – Davlatimiz rahbari joriy yil 27-yanvar kuni Xorazm viloyatiga tashrifi davomida ushbu hududda bo‘lib, bu yerda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan zarur topshiriqlar berdi. Ayni paytda erkin iqtisodiy zona chegaralarini o‘rnatish, bojxona posti tashkil qilish, xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etish ishlari amalga oshirilmoqda. Tashkil etiladigan zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari uchun zarur imkoniyatlar yaratish maqsadida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, xususan, gaz, suv va elektr tarmoqlari, kanalizatsiya, avtomobil va temir yo‘llari, aloqa tizimi shakllantirilmoqda.
Yangi erkin iqtisodiy zonada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, qadoqlash, to‘qimachilik, poyabzal va charm-galantereya, kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari kabi qator yo‘nalishlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etiladi.
Hududda ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish bo‘yicha bugungi kunda umumiy qiymati 152 million dollardan ortiq miqdordagi investitsiya mablag‘lari hisobidan 53 loyiha takliflari ishlab chiqilgan. Tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 25 million 700 ming dollarga teng bo‘lgan 7 loyiha taqdim etilgan. Ana shunday loyihalardan biri “Pitnak Panel” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi rahbari Xushnud Jumaniyozov tomonidan taklif etildi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan bunday qulay investitsiya sharoitidan samarali foydalangan holda, Xitoyning “Xinjiang zaman import and export trade CO” LTD kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 3 million 500 ming dollarlik loyihani amalga oshirmoqchimiz, – deydi X.Jumaniyozov. – Loyihaga ko‘ra korxona tomonidan yiliga 200 ming dona penopolistirol bloklar, sendvich panellar ishlab chiqariladi. Kasb-hunar kollejlarini bitirgan 40 dan ortiq yosh mutaxassis ish bilan ta’minlanadi.
Muxtasar aytganda, “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi hududda ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish, shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, pirovardida aholini barqaror daromad bilan ta’minlash, xalqimiz turmush farovonligining muttasil yuksalishiga xizmat qiladi.
Manba:O'zA