Tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda

Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida “Aholining shaxsiy tomorqa va dehqon xo‘jaligiga asoslangan tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishga ko‘maklashish” mavzusida muloqot bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhi a’zolari, tuman hokimligi, mahalla fuqarolar yig‘inlari, tijorat banklarining tuman bo‘limlari vakillari, bo‘lajak tadbirkorlar, yoshlar ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, boshqaruvning bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

– Davlatimiz rahbarining mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida har bir xonadonning tadbirkorlik borasidagi imkoniyatlarini o‘rganish, ularga amaliy yordam berish, moliyalashtirishni kengaytirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati M.To‘xtayeva. – Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda joylarda keng aholi qatlami, yoshlar, ayollar o‘rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada keng targ‘ib qilish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari sonini ko‘paytirish maqsadida mana shunday ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda. Tadbirlar doirasida o‘z oilaviy biznesini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan fuqarolarning biznes rejasi o‘rganilib, ularni moliyalashtirish uchun banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. 

Tadbirda uyda o‘tirgan xotin-qizlar, uyushmagan yoshlar qatlami bilan ishlash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish, bandligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar tomonidan tadbirkorlikka doir qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartish va yangiliklar, imtiyoz va qulayliklar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Aholi tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, tavsiyalar, keltirilgan muammoli masalalar joyida o‘rganilib, ularning yechimi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. 

– O‘tgan yili shaxsiy tomorqamizda 6 sotixli issiqxona qurilishini boshlagan edik, – deydi muloqot ishtirokchisi T.Fayziyeva. – Mablag‘ yetmagani sabab ishlarimiz oxiriga yetmay qolgan edi. Shundan so‘ng bankdan kredit olish uchun ariza berdik. Oilaviy biznes rejamiz moliyalashtirilishi uchun 7 million so‘m mablag‘ ajratildi. Issiqxona qurilishini qisqa muddatda yakunlab, pomidor, bodring va turli ko‘katlar yetishtirishni mo‘ljallayapmiz. 

Tadbirda “Bank xizmatlari, biznes reja, kredit turlari va kredit ajratish tartibi, garov ta’minoti”, “Jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan soliqlar, soliq stavkalari, soliq hisobotlari, imtiyoz va preferensiyalar”, “Agrar sohada tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish”, “Veterinariya xizmati ko‘rsatish, veterinariya dori-darmonlari va ulardan samarali foydalanish masalalari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi. 

Manba: O'zA