Nukusda tabiatni muhofaza qilish, kam uchraydigan noyob jonivorlar turini asrashda qonun ustuvorligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Ekologik harakati, Sayg‘oqni saqlash bo‘yicha Alyans xayriya tashkiloti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirliklar, huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi M.Ametov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti ilmiy xodimi Ye.Bikova va boshqalar mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholining ekologik xavfsizligini ta’minlash, ekologik salbiy ta’sirlarni kamaytirish va bartaraf etishda davlat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, ekologik qonunchilik talablarini hayotga tatbiq etishda jamoat nazoratini qat’iy o‘rnatish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Er sharining besh hududi, jumladan, Ustyurt tekisligida yashovchi o‘ta noyob jonivor – sayg‘oqlar yo‘qolib ketishining oldini olish, ularni qo‘riqlash va ko‘paytirish dolzarb vazifadir. O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan bu jonivorlar cho‘l sharoitiga nihoyatda moslashgan bo‘lib, hudud ekotizimini saqlash, cho‘llarning asl tabiiy muvozanatini barqarorlashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi o‘n yil mobaynida sayg‘oqlar 95 foizga kamayib ketgan. Tadbirda sayg‘oqlarni, kam uchraydigan hayvon va o‘simlik turlarini muhofaza qilishni kuchaytirish, ularning ko‘payishi uchun qulay sharoit yaratish, mamlakatimiz chegaralaridan olib chiqib ketilishining oldini olish, bu borada huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Insonlarning tabiatga munosabatini tubdan o‘zgartirish, atrof-muhitni muhofaza qilishda qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Manba: O'zA